AQSH va Rossiya o‘rtasida yangi muzokaralar bo‘lib o‘tdi – Rubio

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio joriy hafta boshida AQSH va Rossiya vakillari o‘rtasida yangi muzokaralar bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 31 iyul kuni “Fox Radio” efirida aytib o‘tdi.

Unga ko‘ra, muloqot 28 iyul yoki 29 iyul kuni o‘tkazilgan va unda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning o‘zi emas, balki uning atrofidagi yuqori lavozimli shaxslar ishtirok etgan.

“Biz ular bilan batafsil suhbat o‘tkazdik, kelgusidagi yo‘l bo‘yicha o‘zaro tushunuvga erishishga umid qildik – bu yo‘l tinchlikka olib borishi mumkin edi. Ammo biz bu borada hech qanday yutuqni ko‘rmadik. Bu aynan Prezident Trampni eng ko‘p tashvishga solayotgan masala”, degan Davlat kotibi. 

Rubioning fikricha, urushni to‘xtatish va muzokaralarni boshlash eng to‘g‘ri yechim bo‘lib qolmoqda. Biroq u Rossiya tomonidan bu yo‘nalishda “chin dildan qiziqish” ko‘rsatilmaganini ta’kidlagan. Aynan shu sababli, Tramp Rossiyaga nisbatan choralar ko‘rishga qaror qilgan.

Tramp 29 iyul kuni Ukraina mojarosini tartibga solish bo‘yicha yangi 10 kunlik muhlat belgiladi. Avvalgi, 14 iyulda berilgan 50 kunlik muhlat bekor qilindi. Agar 8 avgustgacha hech qanday natija kuzatilmasa, AQSH Rossiyaga va uning savdo hamkorlariga qarshi ikkilamchi bojlar joriy etishini bildirdi.

Kreml esa o‘z navbatida Rossiya mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga sodiq qolayotganini ta’kidlamoqda. Unga ko‘ra, Rossiya Trampning Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha bergan bayonotlarini inobatga oladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing