AQSH va NATOning Rossiyaga yo‘llagan maxfiy javobi oshkor qilindi
Olam
−
02 fevral 2022 21484 3 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya bilan Ukrainada hujumkor raketa tizimlari va kuchlarini joylashtirishni cheklash bo‘yicha o‘zaro majburiyatlarni muhokama qilishga, shuningdek, o‘rta va qisqa masofali raketalarni nazorat qilish masalalari bo‘yicha muloqotni boshlashga tayyor. Bu haqda AQSH va Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO)ning Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha taklifiga yo‘llagan yozma javobida aytilgan.
Ispaniyaning “El País” gazetasi Rossiyaning dekabr oyidagi xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha taklifiga AQSH va NATO yo‘llagan javoblarning to‘liq matnini chop qildi. Javoblar ingliz tilidagi ikkita hujjat: alyansning to‘rt sahifalik va Vashingtonning besh sahifalik javobidan iborat.
AQSH javobida aytilishicha, Qo‘shma Shtatlar quyidagilarga tayyor:
• Rossiya bilan Yevropada o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar uchun ishonchni mustahkamlash choralarini muhokama qilishga;
• Qrim, Pridnestroviya Moldaviya Respublikasi, Janubiy Osetiya va Abxaziyadan qo‘shinlar hamda tinchlikparvar kuchlarni olib chiqib ketish evaziga qurol-yarog‘ nazorati bo‘yicha muloqotni boshlashga;
• Rossiya-NATO Kengashi doirasidagi ishlarni davom ettirishga;
• Xavfsizlik masalalari va ularning Rossiya tomonidan talqin qilinishini muhokama qilishni davom ettirishga;
• Rossiya inspeksiyalariga Rossiya ob’ektlarini tekshirish evaziga Ruminiyadagi raketaga qarshi mudofaa ob’ektlariga kirish huquqini berishga;
• Qurollarni nazorat qilish bo‘yicha kelajakdagi kelishuvlarga yadro tizimlarining yangi turlarini kiritish;
• Rossiya bilan dengizda va havoda hodisalarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ko‘rib chiqishga.
NATO o‘z javobida alyans nafaqat “sovuq urush” oxirida Moskvaga yordam qo‘lini cho‘zganini, balki Rossiya-NATO aktini imzolaganini va ikki tomonlama kengash tuzganini ham eslatdi.
Eslatib o‘tamiz, Pentagon spikeri Jon Kirbi Qo‘shma Shtatlar Yevropaga 8,5 ming askar yuborishga tayyorligini, biroq bu borada yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bular jangovar, razvedka, aviatsiya, tibbiyot va transport bo‘linmalaridir. Shuningdek, Prezident Jo Bayden 28 yanvar kuni AQSH rasmiylari yaqin kelajakda Sharqiy Yevropaga kichik qo‘shimcha qo‘shin yuborishni boshlash niyatida ekanini ham ta’kidlagan.
Polsha Milliy xavfsizlik byurosi rahbari Pavel Solox Sharqiy Yevropaga jo‘natilishi rejalashtirilgan 8,5 ming harbiy xizmatchidan 2,5 mingga yaqinini Polshaga o‘tkazilishi mumkinligini aytdi.
So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida bayonotlar paydo bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz keskinlikning kuchayishi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, Peskov bunday bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi va Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni kuch bilan hal qilishga urinishlar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr