AQSH va Eron kelishuvga ancha yaqinlashdi – Tramp
Olam
−
23 may 1131 2 daqiqa
Vashington va Tehron urushni to‘xtatish bo‘iycha kelishuvga ancha yaqinlashib qoldi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp CBS telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“AQSH va Eron muzokarachilari ikki mamlakat o‘rtasidagi urushga chek qo‘yadigan bitimni yakunlashga “ancha yaqin” turishibdi. Tramp shartnoma tafsilotlarini oshkor qilishdan bosh tortdi, biroq “kun sayin hamma narsa yaxshilanib borayotganini” aytdi”, deyiladi xabarda.
Oq uy rahbari, shuningdek, yakuniy kelishuv Eronga yadroviy qurolga ega bo‘lishga yo‘l qo‘ymasligini, aks holda u “bu haqda hatto gaplashib ham o‘tirmasligini” qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, natijada boyitilgan uran masalasi qoniqarli tarzda hal etiladi.
Tramp “Axios”ga bergan intervyusida yaxshi kelishuvga erishish yoki “Eronni kul qilish” (vayron qilish) imkoniyatlari 50 ga 50 ekanligini aytgan.
“Financial Times” nashrining yozishicha, Vashington va Tehron otashkesimni 60 kunga uzaytirish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga yaqin turibdi. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bitim Hormuz bo‘g‘zi faoliyatini bosqichma-bosqich tiklash va Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini AQSHga topshirishni muhokama qilish haqidagi kelishuvni o‘z ichiga oladi. Amerikaliklar esa kelishuv doirasida Eron portlari blokadasini yumshatishlari, sanksiyalarni yengillatishga hamda Eron Islom Respublikasining xorijda saqlanayotgan aktivlarini bosqichma-bosqich muzlatishdan chiqarishga rozi bo‘lishlari mumkin.
“The Wall Street Journal” ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp Eronga muzokaralarni davom ettirishni taklif qilgan. Avvalroq u tinchlik takliflarini rad etib kelayotgan edi. Shu bilan birga, tomonlar o‘rtasida otashkesim rejimi davom etayotgani alohida qayd etilgan.
OAV xabarlariga ko‘ra, tomonlar Hormuz bo‘g‘zida vaqti-vaqti bilan bir-birlariga zarbalar bermoqda. AQSH armiyasi Markaziy qo‘mondonligi ushbu zarbalar amerikalik harbiylarga qilingan hujumlar uchun mas’ul bo‘lganlarga qarshi qaratilganini iddao qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Isroilni Eron bo‘yicha muzokaralardan siqib chiqargani, endi Tel-Aviv Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralar haqida ma’lumotlarni Yaqin Sharqdagi yetakchilar va diplomatlar orqali yig‘ishga majbur bo‘layotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi