AQSH va husiylar o‘zaro kemalarga hujumlar uyushtirdi

Olam

image

AQSH va Eronga yaqin bo‘lgan Yaman husiylari kecha, 11 avgust kuni dengizdagi bir nechta kemalarga alohida hujumlar uyushtirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Yaman Transport vazirligining ma’lum qilishicha, Bob-al-Mandab bo‘g‘ozida kichik yuk kemasiga husiylar tomonidan qilingan taxminiy hujum oqibatida 4 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. Yaman sohil qo‘riqlash xizmatiga ko‘ra, husiylarga qarshi kuchlar tarkibidagi yana 2 nafar yamanlik qutqaruvchi ham halok bo‘lgan.

O‘lganlar Misrga tegishli “Tihamah” kemasi ekipaji a’zolari bo‘lgan. Bu Eron urushi boshlanganidan beri husiylarning dengizdagi hujumlari oqibatida qayd etilgan birinchi inson o‘limlari bo‘lgan. 

Husiylarga qarashli “Saba” axborot agentligi esa guruh Bob-al-Mandab bo‘g‘ozida harbiy texnika olib ketayotgan Saudiya kemasiga hujum qilganini ma’lum qilgan. Kemaning nomi ochiqlanmagan, Saudiya tomoni esa bu xabarga zudlik bilan munosabat bildirmagan.

Shu bilan birga, AQSH harbiylari Panama bayrog‘i ostida harakatlanayotgan yuk kemasini to‘xtatish uchun AQSH harbiy-dengiz kuchlariga tegishli MH-60 vertolyotidan ikkita “Hellfire” raketasi uchirilganini bildirgan. AQSH Markaziy qo‘mondonligiga ko‘ra, kema Eron portlariga nisbatan joriy etilgan dengiz blokadasini buzgani haqida berilgan bir necha ogohlantirishga bo‘ysunmagan.

Qayd etilishicha, dengizdagi hujumlar fonida neft narxlari ham ko‘tarilgan. “Brent” nefti narxi 1,4 foizga oshib, bir barreli 88,91 dollarga, AQSH nefti esa 1,3 foizga oshib, 83,20 dollarga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yamandagi husiylar Saudiya Arabistoni janubiga hujum qilishi oqibatida 11 nafar tinch aholi jarohat olgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing