AQSH o‘z vizasiga ega 55 mln kishini tekshirishni boshladi
Olam
−
22 avgust 2883 2 daqiqa
Kecha, 21 avgust kuni AQSH Davlat departamenti 55 milliondan ortiq chet elliklarning ma’lumotlarini tekshirishni boshladi. Ular AQSHning turli vizalariga ega bo‘lib, qonunbuzarlik aniqlansa, vizalar bekor qilinadi va mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Bu haqda departamentga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, barcha viza egalari “doimiy tekshiruvdan” o‘tkaziladi. Bu jarayon hujjatning amal qilish muddati tugashi, jinoiy faoliyati, jamoat xavfsizligiga tahdid, terrorchilik faoliyatida ishtirok yoki terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash kabi “talablarga mos kelmaslik alomatlarini” aniqlashga qaratilgan.
Shunday belgilar topilsa, viza bekor qilinadi, agar uning egasi AQSH hududida bo‘lsa deportatsiya qilinadi. Davlat departamenti tekshiruvda “mavjud barcha ma’lumotlardan” foydalanishini, jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari va immigratsiya xizmatlari bazalari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi hisoblarni ham nazorat qilayotganini bildirgan.
Qayd etish joiz, Tramp joriy yilning yanvarida prezidentlik lavozimiga kirishganidan beri uning ma’muriyati AQSHdagi noqonuniy migrantlarni chiqarishga katta e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, bir nechta talaba vizasi va almashinuv dasturi doirasidagi mehmon vizalariga ega shaxslar ham chiqarib yuborilgan.
Xususan, shu hafta AQSH Davlat departamenti 6 mingdan ortiq talaba vizasi bekor qilinganini ma’lum qilgan. Ulardan qariyb 4 mingtasi qonunbuzarlik sababli, yana 200-300 tasi esa terrorizmga aloqadorligi uchun, jumladan, terrorchi tashkilotlarni yoki "terrorizm homiysi" deb tan olingan davlatlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun mamlakatdan quvilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Meksika bilan chegaradagi devorni qora rangga bo‘yashni xohlashini ma’lum qilgandi. Prezidentning fikricha, qora rangli devor quyosh ta’sirida juda qizib ketadi va bu migrantlarning devorga chiqish istagini kamaytiradi.
Live
Barchasi