AQSH Ukrainaga Tomahawk raketalarini yuborishi mumkin – Vens
Olam
−
29 Sentabr 3909 2 daqiqa
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar masalasi savol ostida qolayotgan bir paytda Vashington Kiyevni Tomahawk raketalari bilan ta’minlash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda kecha, 28 sentyabr kuni AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Moskva AQSH Prezidenti Donald Tramp vositachiligidagi ikki va uch tomonlama tinchlik muzokaralarini rad etishda davom etar ekan, Qo‘shma Shtatlar Kiyevga Tomahawk raketalarini yetkazib berishni ko‘rib chiqmoqda. Siz Tomahawk haqida so‘radingiz. Bu borada Prezident Amerika Qo‘shma Shtatlari manfaatlariga mos keladigan yakuniy qarorni qabul qiladi. Men hozir ushbu masalada muzokaralar olib borayotganimizni bilaman”, deydi vitse-prezident.
Ushbu qarorlar Oq uyda Rossiyaning Ukraina bilan davom etayotgan keng ko‘lamli urushini tugatishga qaratilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘yicha pozitsiyasiga nisbatan sabrsizlik kuchayib borayotgan bir paytda qabul qilinishi mumkin. Shuningdek, Vens Kreml Ukraina yetakchisi bilan nafaqat yakkama-yakka, balki Tramp ishtirokida ham muzokaralar olib borishga tayyor emasligini tan olgan.
“Oxirgi bir necha hafta ichida biz rossiyaliklar ukrainaliklar bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishdan bosh tortayotganini ko‘rdik. Ular Prezident yoki ma’muriyatning boshqa a’zosi rossiyaliklar va ukrainaliklar bilan uchrashishi mumkin bo‘lgan har qanday uch tomonlama uchrashuvlarni rad etdi”, deydi Vens.
AQSH vitse-prezidentining so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar urushdan kam foyda ko‘radi.
“Bu urush ularning iqtisodiyoti uchun dahshatli va ular o‘zlariga juda kichik harbiy ustunlik uchun yana qancha odamni yo‘qotishlari va yana qancha odamni o‘ldirishi kerakligi haqida so‘rashi lozim”, deydi Vens.
Qayd etish joiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘tgan hafta Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasidagi yig‘ilishda Trampdan Kiyevga uzoq masofaga uchuvchi Tomahawk qanotli raketalarini yetkazib berishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Kit Kellogg “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Oq uy rahbari Ukrainaga Rossiya hududiga uzoq masofali qurolli zarbalar berish uchun ruxsat berganini aytgandi. Kelloggdan Ukraina kuchlarining Rossiyaga bunday zarbalar berish mumkinligi haqida Prezidentning pozitsiyasi qanday ekani bo‘yicha savol berilgan. Maxsus vakilning aytishicha, Tramp bunga qarshilik qilmaydi. Shuningdek, vitse-prezident Jeyms Devid Vens va Davlat kotibi Marko Rubioning bayonotlari ham Rossiyaga chuqur zarba berish imkoniyatidan foydalanishni nazarda tutadi.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi