AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda
Olam
−
08:16 1918 2 daqiqa
AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini tayyorlab qo‘ygan, biroq hozircha ularni joriy etmayapti. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Manbalarning aniqlik kiritishicha, hozirda bu cheklovlar yaqin vaqt ichida kuchga kirishidan dalolat beruvchi alomat yo‘q. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi ham Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi boshlanishi sanasiga bog‘lab e’lon qilinishi rejalashtirilgan yangi sanksiyalar paketini tayyorlagan. Hozircha YeIning 20-sanksiyalar paketini qabul qilish kechiktirilmoqda, biroq Yevrokomissiya uni istalgan kunda tasdiqlashi mumkin.
Nashrga anonimlik sharti bilan izoh bergan manbalarning aytishicha, AQSH Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalarni tayyorlab qo‘ygan, ammo hozircha bu cheklovlar qabul qilinishi kutilayotgani haqida aniq belgilar yo‘q.
O‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida nashr vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, AQSH Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuvi muvaffaqiyatsiz yakunlangan taqdirda joriy etilishi mumkin bo‘lgan yangi sanksiyalarni tayyorlayotgani haqida yozgan edi. Unga ko‘ra, variantlar orasida Rossiya neftini tashiyotgan tankerlarning “soya floti” kemalarini ta’qib qilish, shuningdek, bunday operatsiyalarga ko‘maklashayotgan treyderlarga qarshi choralar ko‘rish ham bor.
Qayd etish joiz, hozirgacha Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 19 ta sanksiyalar paketini joriy qilgan, oxirgisi o‘tgan yilning oktyabr oyida kuchga kirgan. YeI bayonotiga ko‘ra, qo‘shimcha cheklovlar Rossiya banklari va elektron to‘lov tizimlariga, shuningdek, Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bergan ayrim xorijiy kompaniyalarga taalluqli bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Latviya Bosh vaziri Silinya Evika va Estoniya Prezidenti Alar Karis Dubaydagi Jahon hukumatlari sammitida Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan diplomatik aloqalarni qayta tiklash uchun maxsus elchi tayinlashi kerakligini bildirgandi.
Live
Barchasi