AQSH Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni qisman bekor qildi

Olam

image

AQSH Eronga qarshi urush fonida Rossiya nefti va “soya floti” qarshi sanksiyalarni bir oy muddatga faqat Hindiston uchun to‘xtatdi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Oq uy Hindistonga yo‘nalgan Rossiya neftini xarid qilishga ruxsat bergan, bu esa Fors ko‘rfazi kabi global neft ishlab chiqaruvchi mintaqadagi urush sababli yuzaga kelgan neft tanqisligini yumshatishga xizmat qiladi.

“Bu qisqa muddatli choralar Rossiya hukumatiga sezilarli moliyaviy foyda keltirmaydi, chunki hozirda faqat dengizda bo‘lib turgan, ya’ni oldindan yuklangan neftni sotishga ruxsat etilgan”, deydi AQSH Moliya vaziri Skot Bessent.

Hindiston va Xitoy Rossiya neftining asosiy xaridorlari bo‘lgan, ammo Eronga hujumdan oldin AQSH sanksiya va bojlar orqali Hindistonni Rossiya bilan neft savdosini to‘xtatishga majbur qilgan. Oqibatda katta hajmdagi Rossiya nefti tankerlarda xaridor kutib, dengizda qolib ketgan.

Tahlilchilarning aytishicha, Hindiston bu neftni, hatto AQSH sanksiyalarni bekor qilmasa ham, katta ehtimol bilan xaridni davom ettirgan bo‘lardi.

Buning ikki sababi bor. Birinchisi – Hindiston urushdan eng ko‘p zarar ko‘radigan yirik iqtisodiy davlatlardan biri, chunki u Hormuz bo‘g‘ozi orqali import qilinadigan neftning deyarli yarmini oladi, strategik zaxiralari esa juda kam. Xitoy esa 3-6 oy davomida barcha neft importini qoplashga yetadigan zaxiralarni to‘plagan.

Ikkinchidan – Hindiston sanksiyaga tushgan Rossiya neftini keng ko‘lamda xarid qilishni to‘xtatgan, ammo u bilan tezkor savdoni tiklashga yetarli tajriba va aloqalarga ega.

“Sanksiyalarni yumshatish va neft narxining o‘sishi Rossiyaga foyda keltiradi”, deydi tahlilchilar.

Qancha neft haqida so‘z bormoqda?

Rossiya AQSH va Isroil sanksiyalari ostida dengiz eksportini kamaytirgan. Fevral oyida dengiz eksporti yana 4 foizga kamayib, kuniga 3,4 mln barrelga tushgan.

2026 yil 4 mart holatiga ko‘ra, tankerlarda 120 mln barrel Rossiya nefti mavjud. Ushbu hajmning katta qismi hali xaridorga yetmagan, ko‘p tankerlari esa Hindiston sohiliga yaqin Osiyo suvlarida hali ham kutib turibdi.

Sanksiyalar bekor qilingach, Hindiston uchun bu neftni sotib olish nafaqat osonlashadi, balki narxi ham oshadi, chunki Fors ko‘rfazidagi urush sababli resurs tanqisligi Xitoyning xarid raqobatini oshiradi.

Hindiston hali ham Yaqin Sharqdan neft importiga qaram. Xitoyning Rossiya nefti uchun raqobati narxga ta’sir qilishi mumkin. Agar Hormuz bo‘g‘ozi uzoq muddatga yopilsa, Yevropa va Osiyodagi global energetik inqiroz xavfini bartaraf etib bo‘lmaydi – urushdan oldin bu bo‘g‘oz orqali global neft va neft mahsulotlarining 25 foizi yetkazilgan, 80 foizi esa Osiyoga ketgan.

Energiya mahsulotlari tahlilchisi Premashish Das qo‘shimcha neft yetkazib berish foydali ekanini aytgan. Biroq cheklangan darajada yetkazish kerak, chunki so‘nggi besh kunda Hormuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar tarixiy rekord darajada katta bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini tayyorlagani haqida xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya sanktsiyalar neft

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing