AQSH rekord darajada ko‘p muhojirlarni hibsda saqlamoqda – OAV
Olam
−
17 yanvar 3226 2 daqiqa
Joriy haftada AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) bir vaqtning o‘zida 73 ming nafar migrantni hibsda ushlab turibdi. Bu ko‘rsatkich idora tarixidagi eng yuqori daraja hisoblanadi. Bu haqda AQSH Ichki xavfsizlik vazirligiga tayanib, CBS telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2025 yil noyabr oyida ICE hibsxonalarida saqlanayotgan migrantlar soni 66 ming nafar bo‘lgan. Kecha, 16 yanvar holatiga kelib, mamlakat bo‘ylab ICE tasarrufida deportatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan qariyb 73 ming kishi saqlanmoqda. Bu ICE tomonidan qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shu tariqa, idora tashkil etilganiga 23 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, ilk bor hibsda saqlanayotganlar soni 70 mingdan oshdi.
Xabarda aytilishicha, hibsga olinganlarning qariyb 67 ming nafari yolg‘iz voyaga yetgan shaxslar bo‘lib, ularga immigratsiya qonunchiligini buzganlik gumoni bilan deportatsiya tahdid solmoqda. Yana taxminan 6 ming kishini voyaga yetmagan farzandlari bor oilalar tashkil etadi. CBS ning qayd etishicha, hibsdagilarning qariyb 34 ming nafari AQSHda jinoiy ishlar bo‘yicha ayblangan yoki sudlangan.
AQSHning 47-Prezidenti sifatida inauguratsiya kuni Donald Tramp o‘zining ilk nutqida noqonuniy migrantlarning mamlakatga kirishini darhol to‘xtatish va millionlab migrantlarni deportatsiya qilish jarayonini boshlashga va’da bergandi. Shuningdek, u AQSHning janubiy chegarasidagi vaziyat sababli butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat rejimini joriy qilgan.
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi 2025 yil 29 dekabr kuni o‘tgan yil davomida mamlakatdan 2,5 milliondan ortiq noqonuniy migrant deportatsiya qilingani haqida hisobot bergan va bu ko‘rsatkichlar faqat boshlanishi ekanini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp o‘z lavozimiga kirishganidan beri xorijliklarning 100 mingdan ortiq vizasi bekor qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi