AQSH raketalar yetkazib berishni qisqartirdi, Rossiya zarbalarni kuchaytirishi mumkin – Zelenskiy

Olam

−

image

AQSH Ukrainaga Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar yetkazib berishni qisqartirgani sababli Rossiya Ukrainaga ballistik raketa hujumlarini kuchaytirishi mumkin. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Finlyandiya Bosh vaziri Petteri Orpo bilan uchrashuv oldidan jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Amerikaliklar yetkazib berishni qisqartirdi, ular (rossiyaliklar) esa ballistik raketa hujumlarini kuchaytiradi. Ular nima qilayotgani juda aniq”, degan Zelenskiy.

Uning bildirishicha, Patriot tizimlari uchun mo‘ljallangan, dushman raketalarini havoda tutib qoluvchi vositalarni Yevropa davlatlaridan olish ham AQSHning roziligiga bog‘liq. Ya’ni, Yevropa hamkorlari bunday raketalarni Ukrainaga faqat Amerika tomoni ruxsat bergan taqdirdagina yetkazib bera oladi.

Zelenskiyning aytishicha, AQSH tutib qoluvchi raketalarning katta qismini Yaqin Sharqqa yuborgan. Shu sababli Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun zarur raketalarni yetkazib berish masalasi yanada dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Ukraina Prezidenti bu masalada AQSH bilan konstruktiv muloqot olib borishga umid qilayotganini bildirgan. Uning aytishicha, muzokaralarda, xususan, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan ham ushbu masala muhokama qilinishi kutilmoqda.

Avvalroq, Zelenskiy Yevropa davlatlarida Ukraina ehtiyojlarini qish davomida minimal darajada qondirish uchun PAC-2 va PAC-3 turidagi tutib qoluvchi raketalar yetarli miqdorda borligini aytgandi. Biroq ularni Ukrainaga yetkazib berish imkoniyati AQSHning qaroriga ham bog‘liq.

Shu bilan birga, Germaniya Patriot tizimlari uchun raketalar ishlab chiqaradigan mustaqil ishlab chiqarish liniyasini yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda. Dastlabki mahsulotlar 2026 yil oxiri yoki 2027 yil boshida tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Germaniya bilan imzolangan shartnomada ushbu ishlab chiqarish liniyasidan Ukraina uchun 600 ta havo hujumidan mudofaa raketasini sotib olish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada AQSHda ishlab chiqarilgan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar tugagani haqida xabar berilgan edi. Bu esa mamlakatni Rossiyaning ballistik raketa hujumlari oldida yanada zaif holatga solib qo‘ygan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing