AQSH muhojirlarni harbiy samolyot bilan Liviyaga deportatsiya qilmoqchi
Olam
−
07 may 2025 4456 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati shu haftada muhojirlarni Liviyaga deportatsiya qilishni boshlashga tayyorlanmoqda. Bu haqda uch nafar amerikalik rasmiyga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ushbu qaror AQSHning ilgari Tripolini mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabatda ayblaganiga qaramay qabul qilinmoqda.
Ikki nafar rasmiy AQSH harbiylari muhojirlarni Shimoliy Afrika davlatiga bugun, 7 may kuniyoq yetkazishi mumkinligini aytgan. Biroq ular rejalarda o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimolini ham istisno qilmagan.
Pentagon bu boradagi savollarni Oq uyga yo‘naltirgan. Oq uy va AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi esa so‘rovlarga javob bermagan.
“Biz boshqa hukumatlar bilan olib borilayotgan diplomatik aloqalar tafsilotlarini muhokama qilmaymiz”, dedi AQSH Davlat departamenti vakili.
Deportatsiya qilinadigan shaxslar soni va ularning fuqaroligi haqida ma’lumot mavjud emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ma’muriyati O‘zbekistonga Toshkent Qo‘shma Shtatlardan deportatsiya qilingan muhojirlarni qabul qilishi uchun unga bir qator maxsus imtiyozlarni taklif qilgandi.