AQSH Xitoyga 245 foizgacha boj bilan tahdid qildi
Olam
−
16 aprel 2025 4061 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga 245 foizgacha boj solishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tramp “imkoniyatlarni tenglashtirish va Amerikaning milliy xavfsizligini himoya qilish” uchun AQSH eng katta savdo kamomadiga ega bo‘lgan mamlakatlarga bojlar joriy qilgan. Savdo kelishuvlarini tuzishni muhokama qilishga tayyor bo‘lgan mamlakatlar uchun individual yuqori bojlarni joriy etish to‘xtatilgan. Xitoy bundan mustasno bo‘lib, u AQSH bojlariga javob choralarini ko‘rgan.
“Javob choralari natijasida Xitoyga endi AQSHga import uchun 245 foizgacha boj tahdid solmoqda”, deyiladi Oq uy xabarida.
Ma’lumot uchun, mart oyi boshida Donald Tramp Xitoy importiga boj to‘lovlarini 10 foizdan 20 foizga oshirdi, chunki “Xitoy noqonuniy narkotik inqirozini yumshatish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘ra olmadi”. O‘tgan hafta oxirida Tramp 180 dan ortiq mamlakat va hududlarga, jumladan, Xitoyga yangi import tariflarini e’lon qildi.
Pekin Amerika tovarlariga ham xuddi shunday bojlar joriy etishi haqida ogohlantirgan. Bunga javoban Tramp 7 aprel kuni, agar Pekin javob choralarini bekor qilmasa, Xitoyga 9 apreldan boshlab qo‘shimcha 50% import bojlari joriy etilishini aytdi. Ammo shundan so‘ng, AQSH Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga 104 foizlik import boji joriy etishga qaror qildi. Xitoy ham jim turgani yo‘q. Qo‘shma Shtatlar bilan savdo mojarosida Xitoy hukumati Amerika importiga ilgari kiritilgan 34 foizlik bojlardan tashqari, 50 foizlik yangi javob tariflarini e’lon qildi va umumiy miqdorni 84 foizga yetkazdi. Qasdma-qasdiga qilgani kabi AQSH ham Xitoyga nisbatan boj stavkasini 125 foizgacha ko‘tardi. AQSH ham bojlarni oshirib, 145 foizga yetkazdi.
Live
Barchasi