AQSH xalqaro suvlarda yana bir kemani yo‘q qildi
Olam
−
23 Oktabr 2025 4103 3 daqiqa
AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegsett Amerika qo‘shinlari Tinch okeanining xalqaro suvlarida giyohvand moddalar tashish uchun foydalanilgan deb taxmin qilingan katerni yo‘q qilganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 22 oktyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
Qayd etilishicha, kecha, 22 oktyabr kuni AQSH harbiylari Prezident Donald Trampning ko‘rsatmasiga binoan, Tinch okeanining sharqiy qismida kichik dengiz kemasiga zarba bergan. Hegsettning so‘zlariga ko‘ra, unda AQSH tomonidan terrorchi deb topilgan tashkilot a’zolari tomonidan giyohvand moddalar tashilayotgan bo‘lgan.
Pentagon rahbarining ta’kidlashicha, “xalqaro suvlarda amalga oshirilgan zarba vaqtida kema bortida narkoterrorizm bilan bog‘liq uch kishi bo‘lgan”, ular halok bo‘lgan. Vazirning bildirishicha, amerika harbiylari orasidan qurbonlar yo‘q.
“Bunday zarbalar davom ettiriladi”, dedi u.
Bundan oldin CBS telekanali ma’lum qilishicha, AQSH Qurolli kuchlari Tinch okeanida yana bir katerga zarba bergan – u ham go‘yoki giyohvand moddalarni AQSHga yetkazishda qo‘llanilgan. Manbaga ko‘ra, bu AQSH harbiylari tomonidan narkotrafikka qarshi kurash bahonasida yo‘q qilingan sakkizinchi kema bo‘lib, avvalgi zarbalar Karib dengizining janubiy qismida amalga oshirilgan edi.
Karib dengizidagi hujumlar
17 oktyabr kuni AQSH harbiylari Karib dengizida suvostida harakatlanayotgan, ehtimol, yarim suvga botuvchi kemaga zarba bergan. Qutqaruv operatsiyasi davomida ikki kishi AQSH harbiy-dengiz kuchlari kemasiga olib chiqilgan, yana ikki nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio omon qolganlar haqida savolga: “Bu terrorchilar”, deya javob bergan.
AQSH hujumidan omon qolgan ikki kishi, ya’ni Ekvador va Kolumbiya fuqarolarini vataniga qaytarish rejalashtirilgan. Ularga nisbatan hibsga olish va sud jarayoni qo‘llanadi.
Venesuelaga qarshi janglar
Tramp, avvalroq, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro “jinoyatchi guruh”ni boshqarayotgani, ular AQSH va boshqa G‘arb davlatlarida ommaviy qotilliklar, narkotrafik, jinsiy savdo va terror harakatlari bilan shug‘ullanayotganini aytgan edi. Unga ko‘ra, Pentagon bu hududda narkokartellarga qarshi harbiy operatsiyalar boshlashga tayyor.
Sentyabr oyidan buyon AQSH armiyasi narkotrafikka aloqador deb hisoblangan kamida olti kemaga zarba bergan. CNBC ma’lumotlariga ko‘ra, bu operatsiyalar oqibatida kamida 29 kishi halok bo‘lgan.
Hozirda Venesuela qirg‘oqlari yaqinida AQSH harbiy-dengiz kuchlariga tegishli bir nechta kemalar, 10 ta F-35 jangovar samolyoti, 2200 askardan iborat dengiz piyodalari ekspeditsion bo‘linmasi va suvosti kemasi joylashtirilgan.
Venesuelaning BMTdagi elchisi Samuel Monkada AQSH hujumlarini noqonuniy, suverenitetga tajovuz sifatida baholab, BMT Xavfsizlik Kengashidan bu masalaga munosabat bildirishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Lotin Amerikasidan Qo‘shma Shtatlar tomon harakatlangan, ichida giyohvand moddalar bor deb taxmin qilingan “ulkan suvosti kemasi” yo‘q qilinganini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi