AQSH Gershkovichni BMT darajasida himoya qilmoqchi
Olam
−
18 aprel 2023 7524 2 daqiqa
AQSH 40 ga yaqin davlat bilan hammualliflikda “The Wall Street Journal” jurnalisti Evan Gershkovichning Rossiyada josuslikda ayblanib, hibsga olinishi munosabati bilan bayonot tayyorladi. Bu haqda bugun, 17 aprel kuni nashrning o‘zi xabar berdi.
Aytilishicha, Vashington tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganlar orasida Yevropa davlatlari va AQSHning boshqa ittifoqchilari, jumladan, Avstraliya, Kanada, Isroil, Yaponiya va Janubiy Koreya ham bor. Hujjatda Rossiya rasmiylari siyosiy sabablarga ko‘ra qamalganlarni ozod qilishga chaqirilgan.
Manbaga ko‘ra, BMT rasmiylari kecha, 17 apreldagi bayonotni 3 may kuni nishonlanadigan Jahon matbuoti erkinligi kuni bilan bog‘lagan. Ular jurnalistlarga o‘z vazifalarini bajarishga ruxsat berish “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro paktning bir qismi ekani, bu paktni esa Rossiya ham imzolaganini ta’kidlagan.
AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfildning aytishicha, bayonotni imzolagan davlatlar Rossiyani Evan Gershkovichni zudlik bilan ozod qilishga chaqirmoqda.
“Ushbu bayonot aniq xabar bo‘lsin: jurnalistika jinoyat emas”, degan Linda Tomas-Grinfild bayonot chiqarilishidan oldin.
Boshqa tarafdan, Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova Vashingtonning Gershkovich bilan bog‘liq vaziyat atrofida shov-shuv ko‘tarishi AQSHga kerakli natijaga erishishga yordam bermasligini aytgan. U Rossiya qonunchiligini buzgan AQSH fuqarolariga “maxsus rejim” qo‘llashni talab qilib, Rossiya hukumati va sudiga bosim o‘tkazishga bo‘lgan har qanday urinishlar ma’nosiz va behuda ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Gershkovichni Amerika tomonining ko‘rsatmasi asosida Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plaganlikda ayblab, hibsga olgan edi. Unga qarshi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi (josuslik) bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan edi. WSJ va AQSH hukumati bu ayblovlarni rad etgan, davlat departamenti esa Rossiyadagi amerika fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqirdi. 2 aprel kuni esa AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali gaplashib, jurnalistni ozod etishni talab qildi. 10 aprel kuni AQSH Davlat departamenti “The Wall Street Journal” muxbiri Evan Gershkovichni nohaq hibsga olingan, deb e’lon qildi va mazkur qadam jurnalistni almashish bo‘yicha muzokaralar olib borishga potensial yo‘l ochishi aytildi.
Live
Barchasi