AQSH G‘azo bo‘yicha rezolyutsiyaga yana veto qo‘ydi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari kecha, 18 sentyabr kuni G‘azo sektorida “zudlik bilan, so‘zsiz va doimiy” o‘t ochishni to‘xtatishni, shuningdek, Isroil tomonidan Falastin hududiga insonparvarlik yordami bo‘yicha barcha cheklovlarni olib tashlashni talab qiladigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi loyihasiga veto qo‘ydi. Vashington bunday hujjatga oltinchi marta veto qo‘ymoqda.

“Qo‘shma Shtatlar bu qabul qilib bo‘lmaydigan rezolyutsiyani rad etadi. HAMAS uchun barcha garovdagilarni istisnosiz zudlik bilan ozod qilish va so‘zsiz taslim bo‘lish vaqti keldi. Qo‘shma Shtatlar ushbu dahshatli mojaroga barham berish uchun hamkorlari bilan ishlashda davom etadi”, dedi AQSHning BMTdagi missiyasi vakili Morgan Ortagus Tramp ma’muriyati qarorini oqlar ekan.

Rezolyutsiya loyihasi BMT Xavfsizlik Kengashining 15 nafar a’zolaridan o‘ntasi tomonidan tayyorlangan. Qolgan 14 davlat, AQSHdan farqli o‘laroq, Isroilning G‘azodagi deyarli ikki yillik urushidan so‘ng BMTning sektorda ocharchilik haqida rasmiy e’lon qilganiga javoban avgust oyida boshlangan hujjatni qo‘llab-quvvatladi.

Oldingi safar – 2024 yil fevralida o‘tkazilgan uchinchi ovoz berish chog‘ida BMT oliy organining faqat bitta doimiy a’zosi – Buyuk Britaniya betaraf qolgan edi.

“Ushbu rezolyutsiya Xavfsizlik Kengashi ochlikdan azob chekayotgan tinch aholi, garovga olinganlar yoki o‘t ochishni to‘xtatish talablaridan yuz o‘girilmasligiga ishora bo‘lsin”, dedi Daniyaning BMTdagi elchisi Kristina Lassen.

O‘z navbatida, uning isroillik mavqedoshi Denni Danon “Isroilga qarshi rezolyutsiyalar garovga olinganlarni ozod qilmasligi yoki mintaqa xavfsizligini ta’minlamasligi”ni ta’kidlab, uning mamlakati G‘azo sektorida falastinliklarga qarshi genotsid sodir etayotgani haqidagi ayblovlarni yana rad etdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing