AQSH G‘azo bo‘yicha missiyasini tugatmoqda

Olam

image

AQSH G‘azo sektoridagi vaziyatni muvofiqlashtirib turishi kerak bo‘lgan Fuqarolik-harbiy muvofiqlashtirish (FHM) markazini yopishga qaror qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ushbu markaz Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimini kuzatish hamda G‘azoga gumanitar yordam yetkazishni muvofiqlashtirish uchun tashkil etilgan edi.

Manbalarga ko‘ra, qaror Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha tinchlik rejasi boshi berk ko‘chaga kirib qolgani bilan bog‘liq. Bunga Isroil hujumlarining davom etishi va HAMASning qurol topshirishdan bosh tortishi sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.

FHM funksiyalari AQSH boshchiligidagi yangi International Stabilization Group tarkibiga o‘tkaziladi. Oqibatda AQSH harbiylari soni 190 kishidan 40 kishigacha qisqartiriladi, ularning o‘rnini boshqa davlatlardan kelgan fuqarolik mutaxassislari egallashi kutilmoqda.

Yangi tuzilma “G‘azo bo‘yicha xalqaro qo‘llab-quvvatlash markazi” deb qayta nomlanishi mumkin, biroq diplomatlar bu o‘zgarish real vaziyatni sezilarli yaxshilamasligi mumkinligini aytmoqda.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan beri G‘azoda 800 dan ortiq falastinlik va 4 nafar isroillik askar halok bo‘lgan. Hudud aholisi esa ommaviy ravishda ko‘chishga majbur bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq HAMAS guruhi AQSH Prezidenti Donald Tramp rahbarligida tashkil etilgan Falastin ma’muriy qo‘mitasiga qurollarining bir qismini topshirishga tayyorligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing