AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha antirekord o‘rnatildi
Olam
−
09 Oktabr 2025 7250 2 daqiqa
2024 yilning oktyabridan joriy yilning sentyabrigacha bo‘lgan davrda AQSH chegarachilari AQSH-Meksika chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga urinish bilan bog‘liq deyarli 238 mingta holatni qayd etgan. Bu 1970 yildan beri eng past ko‘rsatkich bo‘lib, o‘shanda taxminan 202 mingta shunday urinish qayd etilgan. Ushbu raqamlarni AQSH Ichki xavfsizlik departamenti ma’lumotlariga tayanib, CBS News keltirdi.
Telekanalga ko‘ra, joriy yil ko‘rsatkichlari Jo Bayden ma’muriyati davridagilardan keskin farq qiladi. Masalan, 2022 yilda 2,2 million kishi ruxsatsiz tarzda AQSH hududiga kirishga uringan – bu butun tarixdagi rekord natija hisoblanadi. O‘tgan 12 oy ichidagi noqonuniy o‘tishlarning 60 foizdan ortig‘i ham aynan Bayden davrida sodir bo‘lgan.
“Prezident Tramp janubiy chegaramizni himoya qilish haqidagi va’dasini to‘liq bajarmoqda”, deydi Oq uy vakili Ebigeyl Jekson.
Shu bilan birga, Migratsiya siyosati instituti eksperti Ariel Ruiz Sotoning fikricha, noqonuniy o‘tishlar sonining kamayishi 2024 yil yozidayoq boshlangan. O‘shanda Bayden ma’muriyati boshpana berish tartibini keskin qat’iylashtirgan. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati keyingi bir necha oy ichida migratsiya oqimining yangi me’yorini o‘rnatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ma’muriyati 14 yoshdan katta bo‘lgan norasmiy migrant o‘smirlarga o‘z ixtiyori bilan vatanlariga qaytgan taqdirda 2500 dollar miqdorida to‘lov taklif qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi