AQSH ayrim mahsulotlarga bojlarni 2 barobargacha oshiradi
Olam
−
31 may 1912 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 4 iyun kunidan boshlab mamlakatga import qilinadigan po‘lat va alyuminiyga boj stavkalari 25 foizdan 50 foizgacha oshirilishini e’lon qildi. Bu haqda u kecha, 30 may kuni Pensilvaniya shtatining Pittsburg shahridagi chiqishida so‘z ochdi.
Trampning aytishicha, bu choralar mahalliy metallurgiya sanoatini qo‘llab-quvvatlab, mamlakatning Xitoyga bo‘lgan iqtisodiy qaramligini kamaytiradi.
U, shuningdek, US Steel va Yaponiyaning Nippon Steel kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Pensilvaniyadagi po‘lat ishlab chiqarishga 14 milliard dollarlik sarmoya kiritilishini ta’kidladi.
“Hech kim ishdan bo‘shatilmaydi, hech qanday tashqi ishchi jalb qilinmaydi. Har bir amerikalik po‘latchi 5 ming dollarlik mukofot oladi”, degan Tramp ishtirokchilar olqishi ostida.
Mart oyida Tramp AQSHga import qilinadigan barcha po‘lat va alyuminiyga 25 foizlik boj joriy qilgan edi.
Ammo 28 may kuni AQSH Xalqaro savdo bo‘yicha federal sudi Tramp tomonidan joriy etilgan bir qator bojlarni noqonuniy deb topib, ularning amal qilishini to‘xtatdi. Bu qaror Xitoydan keltiriladigan mahsulotlarga 30 foizlik, Meksika va Kanadadan ba’zi tovarlarga 25 foizlik, boshqa ko‘plab import mahsulotlariga esa 10 foizlik bojlarni bekor qildi.
Biroq avtomobillar, ehtiyot qismlar, po‘lat va alyuminiyga nisbatan amal qilayotgan 25 foizlik bojlar bu qarorga kiritilmagan.
Oradan bir kun o‘tib, AQSH Federal apellyatsiya sudi ushbu bojlarning amal qilishini yana vaqtincha tikladi.
Qolaversa, Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati – 2018 yilda po‘lat importiga 25 foizlik, alyuminiyga esa 10 foizlik boj joriy qilgan edi. Dastlab bu cheklovlar Kanada va Meksikaga tatbiq etilmagan bo‘lsada, keyinchalik ularga ham yoyilgan, biroq 2019 yilda AQSH, Kanada va Meksika ushbu bojlarni bekor qilishga kelishib olgan.
2021 yil prezident Jo Bayden davrida AQSH va Yevroittifoq o‘zaro kelishuvga erishib, ayrim hajmdagi YeI po‘lat va alyuminiy mahsulotlari AQSHga boj to‘lamasdan kirishga ruxsat etilgan.
2024 yilda Bayden ma’muriyati Meksikada ishlab chiqarilmagan po‘latga nisbatan 25 foizlik bojlar joriy qilgan.
Live
Barchasi