AQSH 8 avgustgacha Ukrainada tinchlik o‘rnatishga chaqirdi

Olam

image

AQSH rasmiylari Rossiya va Ukraina 8 avgustgacha tinchlik bitimini tuzishini istamoqda. Bu haqda kecha, 31 iyul kuni AQSHning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Jon Kelli Moskva tashabbusi bilan chaqirilgan BMT Xavfsizlik kengashining Ukraina bo‘yicha yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Rossiya va Ukraina o‘t ochishni to‘xtatish va mustahkam tinchlik o‘rnatish bo‘yicha kelishib olishi kerak. Kelishuvni tuzish vaqti keldi. Prezident Tramp buni 8 avgustgacha amalga oshirish kerakligini aniq aytdi. Qo‘shma Shtatlar tinchlikni ta’minlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyor”, dedi Kelli.

Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiyning aytishicha, Moskva yig‘ilishdan Xavfsizlik kengashi e’tiborini G‘arbning “Ukraina inqirozini diplomatik yo‘l bilan hal qilish istiqbollariga bevosita yoki bilvosita putur yetkazuvchi” harakatlariga qaratishni so‘ragan. 

“Ukraina inqirozi G‘arb davlatlarining Rossiyaning xavfsizlik manfaatlarini mensimaslikka qaratilgan ko‘p yillik sa’y-harakatlari natijasida yuzaga kelgan keng qamrovli inqirozning hosilasidir", dedi Polyanskiy.

U Moskvaning Ukraina masalasini diplomatik yo‘l bilan hal qilishga tayyorligini ma’lum qildi va G‘arb davlatlarini “to‘xtatish o‘rniga hamkorlik qilishga” chaqirdi.

Xitoyning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Geng Shuang esa Pekinning Moskva bilan iqtisodiy hamkorligi tanqidini rad etdi. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, “Xitoyning Rossiya bilan Ukrainadan ko‘ra ko‘proq savdo aloqalari yo‘q”.

“Xitoyning qonuniy huquqlari va manfaatlariga putur yetkazmaslik kerak. Bundan tashqari, AQSHning o‘zi ham Rossiya bilan iqtisodiy va savdo hamkorligini davom ettirdi. Agar Qo‘shma Shtatlarning o‘zi buni qilsa, nega ular boshqalarga ham shunday qilishlariga ruxsat bermaydi?” dedi Geng Shuang.

Ukrainaning BMTdagi muvaqqat ishlar vakili Xristina Gayovishina Rossiya Federatsiyasi tomonidan chaqirilgan yig‘ilishni “bema’nilik va ma’naviy jirkanchlik” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Ikkinchi jahon urushidan beri Yevropadagi eng yirik urushni boshlab yuborgan va hozirda “o‘zini qurbon sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda”. Gayovishina ta’kidlashicha, urush “rus tilida so‘zlashuvchilarni himoya qilish” uchun emas, balki “imperialistik ambitsiyalarni amalga oshirish” uchun olib borilmoqda.

“Bu Kremldagi avtoritar tuzumning omon qolishi uchun olib borilayotgan urush”, dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 29 iyul kuni AQSH yetakchisi Donald Tramp Rossiyaga bergan 10 kunlik ultimatum muddati 8 avgustda yakunlanishini aytgandi. U Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan umidlari oqlanmaganini bildirib, uning tahdidlariga javob bermaganidan noroziligini bildirdi. Tramp Rossiyadan energiya resurslari xarid qilayotgan mamlakatlarga nisbatan ham 10 kunlik muddat tugagach, ikkilamchi boj to‘lovlari joriy etishini va’da qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing