AQSH 66 ta xalqaro tashkilotdan chiqadi
Olam
−
08 yanvar 6415 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlarni 66 ta xalqaro tashkilotdan chiqarish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Ushbu tashkilotlarning 31 tasi BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti) tuzilmalariga kiradi. Biroq e’lon qilingan xabarda ularning to‘liq ro‘yxati keltirilmagan. Oq uy bayonotida aytilishicha, bu tashkilotlar endi AQSH manfaatlariga xizmat qilmaydi.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, prezident ma’muriyati AQSH a’zo bo‘lgan yoki moliyalashtirayotgan barcha xalqaro tashkilotlar, konvensiyalar va bitimlarni keng ko‘lamli tekshiruvdan o‘tkazgach, shunday qarorga kelgan. “NewsMax” xabariga ko‘ra, e’tibor markaziga tushgan ko‘plab tuzilmalar AQSH suvereniteti va iqtisodiy qudratiga zid bo‘lgan radikal iqlim siyosati, global boshqaruv va mafkuraviy dasturlarni ilgari surmoqda.
Qayd etish joiz, oldinroq Tramp AQSHni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Parij iqlim kelishuvi, BMT Inson huquqlari kengashi tarkibidan chiqarish to‘g‘risidagi farmonlarni imzolagan edi. Shuningdek, u BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligini (UNRWA / BAPOR) moliyalashtirishni taqiqlagan.
Bundan tashqari, Tramp 2026 yil 31 dekabrga qadar AQSH UNESCO’dan ham chiqishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi davlatlari, jumladan Fransiya va Germaniya, agar AQSH Grenlandiyani egallashga harakat qilsa, qanday javob berish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ustida ishlayotgani haqida xabar berilgandi.