Afg‘onistonda turkiy tillarga rasmiy maqom berish talab qilindi
Olam
−
28 may 2025 10097 2 daqiqa
Turkiyaning Anqara shahrida “Dostum fondi” mezbonligida Afg‘oniston o‘zbek (turk)larining ishchi seminari bo‘lib o‘tdi va unda turkiy va afg‘onistonlik akademiklar, tadqiqotchilar, fuqarolik jamiyati vakillari hamda talabalar ishtirok etdi. Bu haqda kecha, 27 may kuni Turkiyaning “Bengu Turk” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, to‘rt sessiyadan iborat seminarda Afg‘onistondagi turkiy (asosan o‘zbek va turkman) jamoalarining duch kelayotgan muammolari muhokama qilingan va ularning yechimlariga oid takliflar jamoatchilik bilan bo‘lishilgan.
Bildirilishicha, seminarning asosiy mavzularidan biri Afg‘oniston geografiyasining turkiy tarixdagi o‘rni bo‘lgan. Ishtirokchilar tarixan “Ulug‘ Turkiston”ning janubiy qismi sifatida tanilgan bu hudud atayin “Shimoliy Afg‘oniston” kabi atamalar bilan ifodalanayotganini aytib, bu mintaqaning asl nomi “Janubiy Turkiston” bo‘lishi kerakligida yakdil fikrga kelgan.
Seminarda “Tolibon” muvaqqat hukumatining olib borayotgan siyosati keskin tanqid qilingan. Ayniqsa, turkiylar zich yashaydigan hududlarda ular ustidan assimilyatsiya siyosati yuritilayotgani ta’kidlanib, o‘zbek va turkman tillarining Afg‘onistonda rasmiy tillar qatoriga kiritilishi talabi ilgari surilgan. “Janubiy Turkiston”dagi ta’lim muassasalarida ona tilida ta’lim berilishi konstitutsiyaviy kafolatga olinishi zarurligi aytilgan.
Balx, Hirot, Bomiyon, Badaxshon kabi qadimiy shaharlarning asrab qolinishini ta’minlash zarurligi bildirilar ekan, Pokiston va Janubi-Sharqiy Osiyodan yo‘naltirilayotgan migratsiya mintaqaning demografik tarkibiga tahdid solayotgani aytilgan. Bunday holatning oldini olish maqsadida Turk Davlatlari Tashkiloti, Turkiya Respublikasi hamda xalqaro hamjamiyat faol harakatga chorlangan.
Ayollarni ta’lim va mehnat hayotidan chetlatish holatlariga nisbatan keskin munosabat bildirilgan bayonotda qiz bolalarning o‘rta maktab, litsey va oliy ta’limga erishishini ta’minlash hamda ayollarning jamiyat hayotida teng ishtirok etishini kafolatlash uchun xalqaro bosim zarurligi aytilgan. Qisqa muddatli yechim sifatida esa onlayn ta’lim dasturlarini kengaytirish taklif qilingan.
Afg‘onistondagi turkiylarning siyosiy vakilligi kuchaytirilishi lozimligi ta’kidlangan seminariyada Afg‘oniston o‘zbeklarining diasporasini shakllantirish borasida kelishuvga erishilgan.
Ko‘hna Turkistonning tarixiy asrash uchun raqamli arxiv loyihalarini boshlash, UNESCO bilan qo‘shma madaniy meros loyihalarini amalga oshirish taklif etilgan. Shuningdek, “Tarixiy Turkiston madaniyati va ishlari bo‘yicha ishchi guruhi” tashkil etilishi g‘oyasi ilgari surilgan.
Ma’lumot uchun 2022 yilgi statistikaga ko‘ra, Afg‘onistonda 5,500,000 o‘zbek yashaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbeklar Afg‘onistondagi eng katta diaspora vakillaridan biri ekani, ammo ular O‘zbekistonda yashayotgan o‘zbeklar, o‘zlaridan boshqa o‘zbeklar borligi haqida eshitmagani haqida material tayyorlangan edi.
Live
Barchasi