Afg‘onistonda kuchli yomg‘ir ortidan suv toshqinlari bo‘ldi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Afg‘onistonning sharqidagi Nuriston viloyatida yuz bergan kuchli suv toshqinlari oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi hamda 100 nafardan ortiq odam bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Amu TV” xabar berdi.

Qayd etilishicha, tabiiy ofat kecha, 20 iyul kuni kechqurun viloyat markazi Parun shahri va uning atrofidagi hududlarda sodir bo‘lgan. Kuchli yog‘ingarchilik oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari kamida 80 kishining jarohatlanishiga ham sabab bo‘lgan.

Tolibon hukumatining Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy boshqarmasi vakili Yusuf Hamadning aytishicha, hozircha dastlabki raqamlar e’lon qilingan bo‘lib, keyinchalik qurbonlar soni o‘zgarishi yohud ortishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, ayrim hududlarda kuchli yomg‘ir olti soatgacha davom etgan. Oqibatda ko‘plab uy-joylar va boshqa ob’ektlarga zarar yetgan. Hozircha uylar, yo‘llar va boshqa infratuzilmaga yetkazilgan zarar ko‘lami rasman ochiqlanmagan. Shuningdek, qancha odam xavfsiz hududlarga ko‘chirilgani yoki tabiiy ofat hududida qolib ketgani ham noma’lum.

Ma’lum qilinishicha, qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy boshqarmasi mutaxassislari zarar ko‘rgan hududlarda baholash ishlarini olib bormoqda.

Ma’lumot uchun, Afg‘oniston har yili mavsumiy kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli yuzaga keladigan suv toshqinlaridan jiddiy zarar ko‘radi. Mamlakatdagi zaif infratuzilma va favqulodda vaziyatlarga javob berish imkoniyatlarining cheklangani bunday ofatlar oqibatlarini yanada og‘irlashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning shimoliy va shimoli-sharqiy hududlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari va ko‘chkilar sabab kamida 25 kishi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing