Abdulaziz Komilov Xitoy Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Kecha, 11 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Sian shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, Tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Xitoy Tashqi ishlar vaziri Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan iliq salomlari va chuqur hurmatini yetkazgan.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.

“Vazirlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, turli yo‘nalishdagi o‘zaro munosabatlarni yanada kengaytirish borasidagi ikki davlat yetakchilarining topshiriqlarini bajarish bo‘yicha fikr almashdi”, deyiladi xabarda.

Tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlashga erishilganligini mamnuniyat bilan e’tirof etgan hamda o‘zaro savdo hajmlari va nomenklaturasini yanada oshirishning muhimligini ta’kidlagan.

Shuningdek, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” multimodal transport marshrutini rivojlantirish va “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir йўлини qurish loyihasini birgalikda hayotga tatbiq qilish bo‘yicha tezroq amaliy choralar ko‘rishning dolzarbligi qayd etilgan.

Vazirlar xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, Afg‘onistonda mustahkam tinchlikka erishishga va uning iqtisodiyotini tiklashga ko‘maklashish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratgan.

Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Komilov Xitoyga “Xitoy – Markaziy Osiyo” ikkinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun tashrif buyurdi. Mazkur tadbirda, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari ham qatnashmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov

Baholaganlar

11

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing