Abdulaziz Komilov O‘zbekiston nega “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilganini aytdi (video)

Jamiyat

image

Kecha, 22 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Davosda AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi” nizomini imzoladi va kengashning ta’sischi davlatlaridan biriga aylandi. O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatning nega “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilganini aytdi. Bu haqda u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.

“Tinchlik kengashi”ning oldida turgan vazifa, avvalambor, G‘azo inqirozini hal qilish. Bizning Prezidentimiz Donald Trampning taklifini qabul qilib, rozilik berdilar. Savol tug‘iladi: biz nima uchun bu tashabbusini qo‘llab-quvatladik? Birinchidan, xavfsizlik nuqtai nazaridan, albatta, bizning manfaatlarimiz bor. Ikkinchidan, mana shu kengashning oldida turgan vazifalar, maqsadlar bizning tashqi siyosatimizda asosiy tamoyillariga to‘liq javob beradi va mos keladi. Uchinchidan, haqiqatan ham bu mintaqada bizning juda jiddiy hayotiy manfaatlarimiz bor”, deydi u.

Komilovning aytishicha, O‘zbekiston Yaqin Sharq mintaqasining boshqa davlatlaridagi notinchlik barham topishidan manfaatdor. Chunki bir necha yil oldin O‘zbekistondan fuqarolar ushbu mintaqadagi davlatlarga borib turli ekstremistik oqimlarga qo‘shilgan va O‘zbekistonning o‘ziga muammo tug‘dirishga harakat qilgan.

“Bir necha yil oldin bizning muhtaram Prezidentimiz oqilona siyosatni amalga oshirib, Yaqin Sharqdagi jarayonlarga juda katta maxsus e’tibor berdilar. Biz uchun eng xavfli jarayon shundan iborat bo‘ldiki, Markaziy Osiyodan, hattoki, O‘zbekistondan bir necha guruhlar, fuqarolarimiz mana shu Yaqin Sharqqa ketib, har xil ekstremistik oqimlarga, tashkilotlarga, guruhlarga qo‘shilib, keyin O‘zbekistonga qaytib kelib, biz uchun muammo tug‘dirishga harakat qilmoqchi ham bo‘lgan. Lekin biz ularni qaytarib olib keldik. Qaytarib olib kelgandan keyin ijtimoiy yangi hayotga kiritishi uchun sharoitlar yaratib berildi”, deydi Prezident maslahatchisi.

Uning bildirishicha, mana shunday mehrbonlik Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbariyati tomonidan juda yuqori baholangan va ularning gapiga qaraganda, O‘zbekiston Prezidentining siyosati butun dunyoda namuna bo‘lishi mumkin.

“Biz shuning uchun aytishimiz mumkin, O‘zbekistonning shu mintaqadagi boshqa davlatlarda manfaatlari bor va u manfaatdorlik yana shundan iboratki, avvalombor, o‘zimizning xavfsizligimizni ta’minlash”, deydi Abdulaziz Komilov. 

Uning aytishicha, O‘zbekistonning “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilishining yana bir sabablaridan biri Afg‘onistondagi vaziyat ham aynan Yaqin Sharqdagi urushlar sabab keskinlashgan. Chunki mamlakatga asosan shu mintaqadan ekstremist, terrorist tashkilotlar kirib kelgan.

“Afg‘oniston – qo‘shnimizga hujum boshlanishidan oldin u yerda hech qanday ekstremist, terrorist tashkilotlar bo‘lmagan. Lekin urush boshlangandan keyin ko‘pincha mana shunaqa tashkilotlar, guruhlar qayerdan keldi? Yaqin Sharqdan keldi. Albatta, Yaqin Sharq muammosini hal qilish – bu oson masala emas. XX asrda Yaqin Sharqning boshi urushdan chiqmagan. Shuning uchun albatta, bu masalani hal qilish uchun butun xalqaro hamjamiyat birlashib, nafaqat Amerika Qo‘shma Shtatlari, arab davlatlari, musulmon davlatlari, mana shu Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda harakat qilishi kerak. Har bitta qadam o‘ylab bosilib, tinchlik o‘rnatilsa, barqarorlik o‘rnatilsa, muhim qadam bo‘ladi. Biz xalqaro hamjamiyat bilan o‘zimizning hamkorligimizni davom ettiramiz”, deydi Abdulaziz Komilov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Shveysariyaning Davos shahrida “Tinchlik kengashi” nizomini imzolash marosimida ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi. Bu orqali O‘zbekiston uni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylandi. AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlar rahbarlari, Bosh vazirlari va Tashqi ishlar vazirlari ham qatnashgan.

Shuningdek, “Tinchlik kengashi” nizomini imzolash marosimi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev Davosdagi tadbirlar doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Abdulaziz Komilov Donal'd Tramp Tinchlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing