80 yoshli deputat Qorabog‘da mina portlatdi (video)

Olam

image

Bugun, 3 iyun kuni Ozarbayjon xalq shoiri, mamlakat Milliy majlisi deputati Sobir Rustamxonli Ozarbayjon minalardan tozalash milliy agentligi tomonidan Horadiz qishlog‘i atrofidagi o‘rmonlardan topilgan minalardan birini zararsizlantirdi. Holat aks etgan kadrlarni agentlik o‘zining rasmiy sahifalarida e’lon qildi.

Shunday qilib, Horadiz qishlog‘i atrofidagi o‘rmonlardan topilgan minalardan biri zararsizlantirilgan. Agentlik bu vazifani xalq shoiri Sobir Rustamxonli zimmasiga yuklagan va barcha tayyorgarlik ko‘rilib, ko‘rsatmalar berilganidan so‘ng deputat tugmani bosib, minani portlatib yuborgan.

Ma’lumot uchun, Sobir Rustamxonli 1946 yil 20 mayda Yardimli tumani, Hamarkand qishlog‘ida tug‘ilgan. Ozarbayjon davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Filologiya fanlari doktori. Ozarbayjon xalq shoiri. “Shuhrat” ordeni bilan taqdirlangan. 40 dan ortiq kitoblar muallifi bo‘lib, ulardan 15 tasi xorijda nashr etilgan. Rus va fors tillarida bemalol so‘zlasha oladi.

U Jahon ozarbayjonlari kongressining hamraisi. 1967 yildan boshlab “Adabiyot va san’at” gazetasida kichik adabiy xodim, katta adabiy xodim, bo‘lim mudiri lavozimlarida ishlagan. 1978 yildan “Yozuvchi” nashriyotida bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, keyin esa bosh muharrir lavozimida faoliyat yuritgan.

Sobir Rustamxonli 1989 yilda mamlakatdagi ilk mustaqil va demokratik bosma nashr – “Ozarbayjon” gazetasiga asos solgan va ikki yil davomida uning bosh muharriri bo‘lgan. 1991 yildan Ozarbayjon Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi raisi, 1992–1995 yillarda esa matbuot va axborot vaziri lavozimlarida ishlagan.

U Fuqarolar birdamligi partiyasi raisi. O‘n ikkinchi chaqiriq Ozarbayjon Respublikasi Oliy Kengashi, birinchi, ikkinchi va uchinchi chaqiriq Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati bo‘lgan.

Sobir Rustamxonli Milliy Majlisning Xalqaro munosabatlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi. Ozarbayjon–Kanada parlamentlararo aloqalari bo‘yicha ishchi guruhi rahbari, Shvetsiya va O‘zbekiston parlamentlari bilan aloqalar bo‘yicha ishchi guruhlari a’zosi. Islom hamkorlik tashkiloti Parlament Ittifoqidagi Ozarbayjon delegatsiyasi a’zosi. Oilali, 4 nafar farzandi bor.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon mina Qorabog' Sobir Rustamxonli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing