8 mlrd so‘mlik sifatsiz dorilarni sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi
3-sahifa
−
09 iyun 1732 2 daqiqa
Umumiy qiymati 8 milliard so‘mga yaqin bo‘lgan sifati kafolatlanmagan hamda yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlab, sotishni maqsad qilganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Qibray tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘tkazgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.Sh. “Zafarobod” MFY hududidagi xonadonda umumiy bahosi 7 milliard so‘mlik sifati kafolatlanmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlangan.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida fuqaro M.A. (muqaddam sudlangan) “Mahmud Tarobiy” ko‘chasidagi xonadonida sifati kafolatlanmagan umumiy bahosi 289,2 million so‘mlik 46 turdagi 18 473 quti dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlanib, ushbu dori vositalari va tibbiy buyumlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan yana boshqa tezkor tadbirda fuqaro O.Sh. fuqaro M.B.ning xonadonida sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan umumiy bahosi 257,6 million so‘mlik 26 turdagi 1 925 quti dori vositalarini o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyatida fuqaro D.A. “Qarluqbog‘ot” MFY hududidagi xonadonining yerto‘la qismida umumiy bahosi 262,5 million so‘mlik 154 turdagi 4 613 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiy buyumlarni kelgusida o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlanib, ushbu dori vositalari va tibbiy buyumlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) va 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona va Namangan viloyatlarida qiymati 2 milliard so‘mdan ortiq noqonuniy dori vositalarini saqlagan va ularni sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi