5-qavatdan yiqilgan 4 yashar qizni qo‘shnilari yopinchiq bilan tutib qoldi (video)
Olam
−
10:08 2415 2 daqiqa
Polshaning Lomja shahrida uch nafar qo‘shni 5-qavatdagi balkondan yiqilgan 4 yoshli qizni yopinchiq yordamida ushlab, uning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda “TVP World” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 9 avgust kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan. Qo‘shnilar binoning 5-qavatidagi balkon chetida osilib turgan qizni ko‘rib qolgan.
Qutqaruv xizmatlari yetib kelguniga qadar 3 nafar erkak yordamga shoshilgan. Ular qiz tushishi mumkin bo‘lgan joyga yopinchiqni yoyib, uni yiqilgan vaqtida ushlab qolgan.
Voqea kuzatuv kameralariga ham tushgan. Mahalliy politsiya vakili Karolina Voytsekiyanning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shnilarning tezkor harakati tufayli fojianing oldi olingan.
Qutqaruvda ishtirok etgan qo‘shnilardan biri Dariush Plonski voqea bir necha soniya ichida sodir bo‘lganini aytgan.
“Bu bir necha soniya masalasi edi. Bola boshqa tomonga o‘tganini ko‘rganimizda,yopinchiqni yoyib, uni ushlab qolishga zo‘rg‘a ulgurdik”, deya uning so‘zlarini keltirgan “Radio Bialystok”.
Qiz shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar uning tanasida yengil ko‘karishlarni aniqlagan. Hozirda uning holati barqaror ekani aytilmoqda.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, voqea vaqtida qizning onasi uxlayotgan bo‘lgan, otasi esa chet elda ishlash uchun ketgan. Keyinchalik ayolning qonida 0,7 promille miqdorida alkogol aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan tergov davom etmoqda. Agar ona bolani o‘lim yoki og‘ir jarohat olish xavfi ostida qoldirishda aybdor deb topilsa, unga 5 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Chjetszyan provinsiyasida 20 yoshli qiz sevgilisi bilan janjallashgandan so‘ng 18-qavatdagi xonadon balkonidan sakrab, omon qolgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi