4 viloyatda yangi gidroelektrostansiyalar ishga tushiriladi
Jamiyat
−
22 iyul 6601 2 daqiqa
Joriy yilda Toshkent, Namangan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida jami 162 megavattli yangi gidroelektrostansiyalar ishga tushiriladi. Bu haqda kecha, 21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz sohasida xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishganida ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu gidro elektr stansiyalarda yiliga 648 million kilovatt-soat elektr ishlab chiqariladi.
Shuningdek, taqdimotda mutasaddilar sheriklikdagi ishlarning borishi va galdagi rejalar yuzasidan axborot bergan.
Prezident istiqbolli maydonlar bo‘yicha aniq loyihalarni shakllantirish, geologiya-qidiruv ishlaridan tayyor mahsulot olishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan.
Shu bilan birga, amaldagi xorijiy va qo‘shma korxonalarda yangi burg‘ulash usullarini qo‘llash, quduqlarning samaradorligini oshirish orqali neft va gaz hajmini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlangan.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqilgan. Mutasaddilar buning uchun yetarli energiya ishlab chiqarish, gaz omborlarida jamg‘arish va muvozanatli yetkazib berish choralari ko‘rilayotgani to‘g‘risida axborot bergan.
Bildirilishicha, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida 1 ming 65 megavattli ikkita bug‘-gaz qurilmasi, Sirdaryoda 1 ming 573 megavattli issiqlik elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Ularning jami quvvati yiliga 20 milliard kilovatt-soat bo‘ladi.
Yig‘ilishda soha infratuzilmasini izchil modernizatsiya qilib, energiya yetkazib berish uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ushbu holat joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bilan izohlangandi.
Live
Barchasi