30 yildan oshgan avtomobillar uchun majburiy eko-kompensatsiya bekor qilinishi mumkin
Jamiyat
−
09 iyul 4642 4 daqiqa
O‘zbekistonda 30 yildan oshgan mashinalar uchun majburiy kompensatsiya tartibi bekor qilinmoqda. Bu haqda kecha, 8 iyul kuni Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi qariyb 5 millionga yaqin avtotransport vositalarining 100 mingtasi nosoz holatda bo‘lib, ular shaharlardagi jami zararli tashlamalarning 63 foiziga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, bitta eski avtomobil utilizatsiya qilinganda uning vazniga qarab tonnalab metall va plastikdan tashqari 50 kilogrammgacha xavfli qattiq chiqindilar ham ajralib chiqadi. Shu sababli ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda avtomobil parkini yangilab borish maqsadida maxsus me’yoriy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan.
Agentlikning ma’lum qilishicha, keng jamoatchilik muhokamalari va kelib tushgan e’tirozlar asosida ushbu qonun loyihasi tubdan qayta ko‘rib chiqilgan. Bu o‘zgarishning eng muhimlaridan biri shuki, ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtotransport vositalari egalarining har yili bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari hajmida ekologik kompensatsiya to‘lashi haqidagi band loyihadan butunlay chiqarib tashlanmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, mamlakatda tenderlar asosida bir-biridan mustaqil bo‘lgan avtomobillarni baholash hamda qayta ishlash korxonalari tarmog‘i yaratiladi. Eski avtotransport vositalari bozor qiymatida baholanadi hamda harakati cheklangan nosoz mashinalarni ham mutaxassislar joyiga chiqqan holda ko‘rikdan o‘tkazishadi. Avtomobil egalariga esa baholangan qiymat miqdorida naqd pul to‘lanadi yoki maxsus vaucherlar taqdim etiladi.
Qayd etilishicha, fuqarolar ushbu vaucherlardan rasmiy dilerlardan yangi avtomobil sotib olishda boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Bunda yangi mashina narxidan vaucher qiymati chegirib tashlanib, qolgan summani 2 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatga foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Agarda fuqaro berilgan vaucherdan foydalanmaslikka qaror qilsa, uning qiymatini bir oy ichida naqd pul shaklida qaytarib olish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, jarayon asnosida baholovchi va avtomobil utilizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi operatorlarning xizmat ko‘rsatish xarajatlarining bir qismi belgilangan hisob-kitoblar asosida utilizatsiya yig‘imi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Ta’kidlanishicha, hozirgi amaliyotda rasmiy dilerlardan yangi avtomobil sotib olish uchun xaridor kamida 30-50 foiz oldindan to‘lov qilishi, qolgan summaning esa 3-5 yil davomida ustama foizlari bilan to‘lanishi talab etiladi. Agentlik keltirgan misolga ko‘ra, bugungi kunda 165 million so‘mlik Cobalt mashinasini xarid qilish uchun fuqaro dastlab kamida 50 million so‘m naqd pul topishi kerak. Taklif etilayotgan yangi tizim esa aynan shu muammoni hal qilishi aytilgan.
“Aytaylik, fuqaroning eski Gaz-24, Moskvich yoki birinchi avlod Nexia rusumli avtomobili bo‘lsa, ushbu mashinalarning bugungi bozor bahosi holatiga ko‘ra o‘rtacha 5 milliondan 70 million so‘mgacha baholanishi mumkin”, deyiladi Agentlikning misolida.
Agar fuqaroning eski mashinasi eng minimal qiymatda – 5 million so‘mga baholangan taqdirda ham, u 165 millionlik yangi Cobalt uchun boshlang‘ich to‘lov to‘lamaydi va qolgan 160 million so‘mni 7 yil davomida har oyda 1,9 million so‘mdan mutlaqo foizsiz to‘lab borish sharti bilan mashina egasiga aylanishi mumkin. Agar eski avtomobil yaxshiroq saqlangan bo‘lib, 70 million so‘mga baholansa, yangi Cobalt’ning qolgan qismi uchun 7 yil davomida oylik to‘lov 1,13 million so‘mni tashkil etadi.
“Mazkur tartib respublikamizda foydalanilgan, eskirgan yoki nosoz avtomobillardan atrof-muhitga yetishi mumkin bo‘lgan zararlarni kamaytirishga hamda avtotransport parkining tizimli yangilanib borishiga xizmat qiladi”, deyiladi axborotda.
Bildirilishicha, ushbu loyihani ishlab chiqish va qayta ishlash jarayoni hali yakuniga yetgani yo‘q. Hujjat ijtimoiy masalalar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgani sababli u mamlakat aholisi hamda tegishli mutaxassislar bilan kelishilgan va maslahatlashilgan holda takomillashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llayotgan murojaatnomasida O‘zbekistonda eski transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishi haqida so‘z borgandi. Bunda eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab berilishi hamda ularga filtr o‘rnatib, zararni kamaytirishga tayyor bo‘lgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi bo‘yicha subsidiya ajratilishi aytilgandi.
Shuningdek, avvalroq Agentlikning o‘zi O‘zbekistonda ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomashinalar sotib olinib, utilizatsiya qilinadigan tizim yaratilishini bildirgandi. Unga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtotransport vositalari egalaridan bozor narxida baholanib, xarid qilinishi va utilizatsiya qilish uchun yuborilishi kerak edi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust