30 yil oldingi achchiq tajriba takrorlanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi – Mirziyoyev Afg‘oniston haqida

Jamiyat

image

Dunyoda boshqa o‘tkir xalqaro muammolar fonida Afg‘oniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 oktyabr kuni Ostonada o‘tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitida shunday fikr bildirdi.

Prezident Mirziyoyevga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyat alohida e’tiborni talab qilmoqda. Negaki boshqa o‘tkir xalqaro muammolar qalqib chiqishi natijasida Afg‘oniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda.

“O‘ttiz yil muqaddam ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bog‘liq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishimiz zarur.

Afg‘on muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Afg‘oniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozim. Buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga qo‘shma murojaati imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida mamlakatlar radikal g‘oyalarning keng xurujiga yanada ko‘proq to‘qnash kelayotganiga e’tibor qaratdi.

“Buzg‘unchi kuchlar targ‘ibot va mafkuraviy ta’sirning yangi uslublaridan foydalangan holda ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etmoqda. Shu munosabat bilan yosh avlodni radikalizmdan asrash, ularning kuch-g‘ayrat va shijoatini bunyodkorlik sari yo‘naltirish uchun tizimli hamkorlikni o‘rnatishimiz kerak”, deydi Prezident Mirziyoyev.

U so‘zida davom etib, yoshlar o‘z kuchiga ishonishi, adolatli kelajakni qaror toptirishda o‘z ishtirokini his etishi, o‘z salohiyat va umidlarini amalda ro‘yobga chiqarish imkoniyatlariga ega bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

“Majlisimizning Yoshlar kengashi hamraisi sifatida turli yoshdagi insonlar o‘rtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga da’vat etadigan, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga ko‘maklashuvchi yangi formatni – Avlodlar muloqotini yo‘lga qo‘yishni taklif etamiz.

Yosh yetakchilar Forumi doirasida bunday ilk uchrashuvni 2023 yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazishga tayyormiz”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

103

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing