19 yoshli futbolchi o‘yin vaqtida vafot etdi
Sport
−
17 Oktabr 2025 27079 1 daqiqa
Qozog‘iston chempionati birinchi liga vakili “Xan-Tengri” klubi hujumchisi Dias Tuleu vafot etdi. Bu haqda Qozog‘iston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, futbolchi “Xan-Tengri” hamda “Ekibastuz” o‘rtasidagi o‘yinni asosiy tarkibda boshlagan. Biroq ikkinchi bo‘limda o‘zini yomon his qilgani bois, "Xan-Tengri" futbolchisi maydondan zambilda olib chiqilgan. Tibbiyot xodimlari zudlik bilan futbolchiga yordam ko‘rsatishga harakat qilgan. Biroq shifokorlarning barcha urinishlariga qaramay, Dias Tuleuni hayotga qaytarib bo‘lmagan.
Qozog‘iston futbol federatsiyasi Tuleuning oilasi, qarindoshlari va barcha yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etib, bu nafaqat klub, balki butun mamlakat futboli uchun katta yo‘qotish ekanini ta’kidlagan.
“Bu og‘ir damlarda Diasning oilasi, yaqinlari va “Xan-Tengri” jamoasiga chuqur hamdardlik bildiramiz. Uning xotirasi yuragimizda mangu saqlanib qoladi”, deyiladi federatsiya bayonotida.
Ma’lumot uchun, Dias Tuleu 2006 yilning 4 may sanasida tug‘ilgan. U yosh bo‘lishiga qaramay, Qozog‘iston birinchi ligasidagi eng istiqbolli futbolchilardan biri sifatida nom qozongan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Arsenal”ning sobiq futbolchisi Billi Vigar “Chichester Siti” safida o‘ynagan uchrashuvda miyasidan jiddiy jarohat olib, 21 yoshida hayotdan ko‘z yumgandi.
Live
Barchasi