12-qavatdan osilib qolgan 3 yashar qizni qo‘shnilari qutqarib qoldi (video)
Olam
−
14:54 1874 2 daqiqa
Xitoyning Futszyan viloyatida 12-qavatdagi xonadon derazasidan osilib qolgan 3 yashar qizaloq qo‘shnilari va o‘t o‘chiruvchilar yordamida qutqarib qolindi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 17 oktyabr kuni ertalab soat 07:48 atrofida Chjanpin shahrida sodir bo‘lgan. Qizaloq ko‘p qavatli uyning 12-qavatidagi xonadon derazasidan tashqariga osilib qolgan. Uning tanasining katta qismi bino tashqarisida bo‘lib, bola istalgan vaqtda pastga qulab tushishi mumkin bo‘lgan.
Qizaloqning xavf ostida qolganini ko‘rgan qo‘shnilar va qo‘riqlash xizmati xodimlari darhol yordamga shoshilgan. Pastki qavatdagi xonadonga kirgan ikki kishi derazadan tashqariga engashib, qizchaning tagiga kursicha tutib turgan. Ular shu tariqa bolaning qulab tushishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilgan va qutqaruvchilar kelguncha uni ushlab turishga uringan.
Voqea joyiga yetib borgan o‘t o‘chiruvchilar qulflangan xonadon eshigini ochib, ichkariga kirgan. Ular qizaloqning boshi qisilib qolgan temir panjaralarni kesib, uni xavfsiz joyga olib chiqqan.
Shundan so‘ng, bola shifoxonaga olib borilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. U hodisa oqibatida jarohat olmagani ma’lum qilingan.
Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, hodisa vaqtida qizchaning otasi ishda bo‘lgan. Onasi esa qizi uxlayapti, deb o‘ylab, xarid qilish uchun uydan chiqib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polshadagi Lomja shahrida uch nafar qo‘shni 5-qavatdagi balkondan yiqilgan 4 yashar qizni yopinchiq yordamida ushlab, uning hayotini saqlab qolgan edi.
Live
Barchasi