110 yoshga kirib farzandli bo‘lgan saudiyalik erkak 142 yoshida vafot etdi
Olam
−
17 yanvar 9509 2 daqiqa
Saudiya Arabistonida mamlakatning eng keksa fuqarosi hisoblangan Nasar bin Radan Al Rashid Al Vadaiy 142 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Qatar Tribune” nashri xabar berdi.
Jurnalistlarning ma’lumotiga ko‘ra, uzoq umr ko‘rgan Al Vadaiy XIX asr oxirlarida tug‘ilgan va amirliklarning yagona qirollikka birlashishi jarayoniga guvoh bo‘lgan. Uning vafotiga uzoq davom etgan kasallik sabab bo‘lgani aytilmoqda. Qarindoshlarining ta’kidlashicha, marhum 142 yoshda bo‘lgan va undan 134 nafar avlod qolgan.
Al Vadaiy Saudiya Arabistoni tashkil topganidan buyon hukmronlik qilgan barcha monarxlarni boshidan kechirgan. Uning dafn marosimi Dahran al-Janub shahrida o‘tkazilib, unda yetti mingdan ortiq kishi qatnashgan. Hayoti davomida 40 martadan ko‘proq haj safarini ado etgan marhum uch marta uylangan. Uchinchi turmush o‘rtog‘i bilan 30 yil birga yashagan, ayolning o‘zi ham yuz yoshdan oshgan.
Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Al Vadaiy sog‘lom turmush tarzi, qat’iy intizom va janubiy hududga xos an’anaviy ovqatlanish tufayli uzoq umr ko‘rgan. Vidolashuv marosimidan so‘ng u o‘zining tarixiy vatani – Al-Rashid hududida dafn etilgan.
Xabarlarga ko‘ra, u oxirgi marta 110 yoshida uylangan va keyinchalik qiz farzand ko‘rgan.
Shu bilan birga, Al Vadaiy Saudiya Arabistonidagi eng keksa inson deb hisoblangan bo‘lsa-da, uning yoshi rasman hujjatlar bilan tasdiqlanmagan. Hozirda dunyodagi eng keksa erkak unvoni braziliyalik Joao Marino Netoga tegishli bo‘lib, u 113 yoshga to‘lgan.
Inson umrining rasmiy ravishda tasdiqlangan mutlaq rekordi esa fransuz ayoli Janna Kalmannga tegishli – u 122 yil-u 164 kun yashagan. Biroq, keyinchalik ushbu rekordning haqqoniyligiga nisbatan shubhalar ham paydo bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada 3 podshoh va 12 prezidentni ko‘rgan mamlakatning eng keksa fuqarosi Oysha Bayri vafot etgandi.
Live
Barchasi