1 noyabrdan nimalar o‘zgaradi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2025 yil 1 noyabrdan e’tiboran mamlakatda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshadi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘zgarishlarning ayrimlarini bir yerga jamladi. 

Ishsizlik nafaqasini to‘lash tartibi o‘zgaradi

Joriy yilning 4 avgust kuni qabul qilingan Prezident farmoniga asosan 2025 yil 1 noyabrdan ishsizlik nafaqasini to‘lash tartibi o‘zgarmoqda.

Farmonga ko‘ra, ushbu sanadan e’tiboran xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar quyidagi shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar;
  • kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning a’zolari;
  • muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
  • ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar.

Bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi zarur. U xodimlarining soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi.

Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Bunda ishsizlik nafaqasi so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng ular 6 oy ichida murojaat qilganda, ularning oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida to‘lanadi. 1-oyda o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda, 2- va 3-oylarda esa o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi.

Ishsizlik nafaqasini takroran belgilashda dastlabki tayinlangan nafaqani olish muddati tugagandan so‘ng, qo‘shimcha ravishda kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun imtiyozli rejim joriy etiladi

O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030 yil 31 dekabrga qadar maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib hisobotni topshirishgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformalar yaratiladi. Jumladan, faoliyatni rasmiylashtirish, bank hisobvaraqalari ochish va boshqarish, soliqlarni hisoblash va to‘lash, hisob-kitoblar qilish va fiskal cheklarni shakllantirish ushbu raqamli platformalar orqali yuritiladi.

Bu tizimda elektron hamyon ochilishi – tadbirkorlarga daromadlarni qabul qilish, xodimlar, kontragentlar va tashkilotlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash imkoniyatini beradi. Elektron hamyonga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun bank hisobvaraqalarini ochish ixtiyoriy bo‘ladi.

2025 yil 1 noyabrdan boshlab bu jarayonlarda QR-kod va “tap to pay” texnologiyasidan foydalaniladi. Hujjatlarni masofaviy biometriya va SMS-xabarnoma orqali elektron kalitsiz imzolash mumkin bo‘ladi. Bu ma’lumotlar qog‘oz nusxadagi hujjatlar bilan tenglashtiriladi. “Kunlik to‘lov” tartibi tajriba tariqasida joriy etilib, xodimlarga to‘lovlarni elektron hamyon orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Tadbirkorning soliq yuki 3-4 karra kamayadi

1 noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal QR-kod beriladi

Yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar kelasi yil 1 yanvardan bir xil, ya’ni aylanmadan 1 foiz soliq to‘lashga o‘tkaziladi. Masalan, hozir aylanmasi 100 million so‘mgacha bo‘lgan yakka tadbirkor yillik 12 million so‘mgacha qat’iy soliq o‘rniga ko‘pi bilan 1 million so‘m to‘laydi. Yoki aylanmasi 100 milliondan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkor aylanmadan ilgari 30-40 million so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, endi uning soliq yuki 3-4 karra kamayadi.

20 ming tadbirkorga “amnistiya” e’lon qilinadi

20 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida soliq tekshiruvlari bo‘yicha xato va kamchiliklar aniqlangan 20 mingdan ziyod tadbirkorga jazo qo‘llanmasligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda soliq tekshiruvlari bo‘yicha 20 mingdan ziyod tadbirkorda 16 trillion so‘mlik xato va kamchiliklar aniqlangan. Bu minglab biznes vakillarining tadbirkorlik reytingidagi o‘rniga salbiy ta’sir qiladi.

“Shu bois bugun o‘ziga xos “amnistiya” e’lon qilamiz, ushbu tekshirishlar bo‘yicha jazo qo‘llanmaydi. Buning o‘rniga 1 noyabrgacha tadbirkorlarimizga barcha xato va kamchiliklarni ixtiyoriy to‘g‘irlash imkoni beriladi. 

Bir so‘z bilan aytganda, 1 noyabrdan boshlab biznes vakillari tadbirkorlik reytingini “toza sahifadan” boshlaydi”, degan edi Prezident.

2025 yil 1 noyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar uchun belgilangan jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari naqd pulga xarid qilinganda, ushbu tovarlar uchun kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi barcha tadbirkorlik sub’ektlariga tatbiq etiladi.

2,1 mingdan ziyod davlat xizmatchisi shtati qisqartiriladi

O‘zbekistonda joriy yilning 1 noyabridan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining jami 2141 ta shtati qisqartiriladi. Bu haqda Prezidentning 4 oktyabr kuni qabul qilingan “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatiga raqamlashtirishni keng joriy etish hisobiga boshqaruv shtat birliklari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.  

Ushbu farmon davlat organlari faoliyatida zamonaviy bozor mexanizmlari joriy etilishi, ular faoliyatiga raqamli texnologiyalarning keng tatbiq etilishi, shuningdek, davlat funksiyalarini amalga oshirishga xususiy sektorning jalb qilinishi kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan kelib chiqib, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini ta’minlash hamda boshqaruv xarajatlarini qisqartirish maqsadida qabul qilingan. 

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasining respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni raqamlashtirish hisobiga ularning boshqaruv shtat birliklari sonini maqbullashtirish yuzasidan berilgan takliflari ma’qullangan. 

Farmon ko‘ra, ijro hokimiyatining 2141 ta shtat birligi, jumladan, byudjet tashkilotlaridan 1863 ta, byudjetdan tashqari jamg‘armadan esa 278 ta lavozim shtat jadvalidan chiqariladi. Shuningdek, qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarda rahbar o‘rinbosarlari soni jami 16 taga qisqartiriladi.

Shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining maqbullashtiriladigan boshqaruv shtat birliklari soni va qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarda maqbullashtiriladigan rahbar o‘rinbosarlari shtat birliklari soni tasdiqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq tadbirkor O'zbekiston Ishsizlik nafaqasi amnistiya 1 noyabr

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing