1 maydan “tonirovka” ruxsatnomasi 412 ming so‘m bo‘ladimi?
Jamiyat
−
12:22 8066 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda "tonirovka" ruxsatnomasi 412 ming so‘m bo‘lishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu xabarlar rasmiy manbalar bilan tasdiqlanmagan. Amaldagi tartibga muvofiq, transport vositalari oynasini qoraytirish uchun ruxsatnoma narxi o‘zgarishsiz qolgan.
Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 547-sonli qarori asosida belgilangan bo‘lib, to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravariga teng.
Hozirgi kunda «tonirovka» ruxsatnomasi uchun to‘lov – 3 million 296 ming so‘mni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda har yili 1 maydan 31 avgustgacha M1 (yengil avtomobillar) toifasiga kiruvchi avtotransport vositalari uchun orqa va old yon oyna shishalarini qoraytirishga yengilliklar berilishi mumkinligi haqda xabar e’lon qilingandi.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasiga ko‘ra, yengil avtomobillar toifasiga oid avtotransport vositalarining orqa va old yon oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun har yili 1 maydan 31 avgustgacha beriladigan ruxsatnomalar uchun yengilliklar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Buning uchun to‘lov miqdori quyidagicha etib belgilanishi mumkin:
- Jismoniy va yuridik shaxslar uchun – BHMning 1 baravari miqdorida (412 000 so‘m);
- O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun – BHMning 5 baravari miqdorida (2 060 000 so‘m).
Shahzoda Shukurullayeva
Live
Barchasi