Yozda “tonirovka” uchun arzonlashtirilgan narx joriy etilishi mumkin
Jamiyat
−
07 avgust 8047 2 daqiqa
O‘zbekistonda har yili 1 maydan 31 avgustgacha M1 (yengil avtomobillar) toifasiga kiruvchi avtotransport vositalari uchun orqa va old yon oyna shishalarini qoraytirishga yengilliklar berilishi mumkin. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga avtotransport vositalaridan foydalanishda qo‘shimcha qulayliklarga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hujjat loyihasida so‘z boradi.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasiga ko‘ra, yengil avtomobillar toifasiga oid avtotransport vositalarining orqa va old yon oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun har yili 1 maydan – 31 avgustgacha beriladigan ruxsatnomalar uchun yengilliklar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Buning uchun to‘lov miqdori quyidagicha etib belgilanmoqda:
- Jismoniy va yuridik shaxslar uchun – BHMning 1 baravari miqdorida (412 000 so‘m);
- O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun – BHMning 5 baravari miqdorida (2 060 000 so‘m).
Bunda, qisqa muddatli ruxsatnoma uchun to‘lov ruxsatnoma rasmiylashtirilgan sanadan qat’i nazar, to‘liq hajmda amalga oshiriladi.
Orqa va old yon oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun 1 yilga beriladigan uzoq muddatli ruxsatnoma bo‘yicha
- jismoniy va yuridik shaxslar uchun – BHMning 8 baravari miqdorini (3 mln 296 ming);
- O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun – BHMning 14 baravari miqdori (5 mln 768 ming so‘m)ni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yildagi “Avtotransport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan avtomobillarning old yon oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsat berish uchun to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravari etib belgilangandi.
Live
Barchasi