1 maydan nimalar o‘zgaradi?
Jamiyat
−
26 aprel 46428 7 daqiqa
O‘zbekistonda 2025 yil 1 maydan e’tiboran qonunchilikda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshadi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘zgarishlar ro‘yxatining ayrimlarini bir yerga jamladi.
O‘zbekistonga tovarlarni bojsiz olib kirishga o‘rnatilgan cheklovlar kuchga kiradi
Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 19 aprel kuni qabul qilingan “Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan e’tiboran jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
- havo transportida - 1000 dollar (amalda 2000 dollar);
- temiryo‘l va daryo transportida - 500 dollar (amalda 1000 dollar);
- avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali - 300 dollar;
- xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali - 200 dollar (bir chorakda 1000 dollar);
- xalqaro pochta jo‘natmalari orqali - 100 dollar (o‘zgarmagan).
Shuningdek, temiryo‘l va daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali notijorat maqsadlarda tovarlarni olib kirayotgan shaxs xorijiy davlatda 2 kundan kam muddat bo‘lganda, havo transportida esa 3 kundan kam muddat bo‘lganda, bojsiz olib kirish normalari qo‘llanilmaydi. Bunda ushbu tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi va tovarlarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Qarzdorlik hisobiga banklar balansiga olingan mol-mulklarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat etiladi
Joriy yilning 15 aprel kuni imzolangan “Qarzdorlik hisobiga banklar balansiga olingan mol-mulklar realizatsiyasini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yilning 1 may kunidan e’tiboran ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan banklarga va ular huzuridagi investitsiya kompaniyalariga auksionda sotilmasdan qarzdorliklarni so‘ndirish evaziga bank balansiga olingan mol-mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga, shu jumladan, kredit, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, lizing shartnomalari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali sotishga ruxsat etiladi.
Tijorat banklariga qarzdorliklarni so‘ndirish evaziga bank balansiga qabul qilingan bino-inshootlar, texnologik uskunalar va boshqa mol-mulklar negizida tijorat banklari huzuridagi investitsiya kompaniyalari orqali to‘xtab qolgan ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) faoliyatini tiklab, ularni tayyor biznes sifatida salohiyatli investorlarga sotish huquqi beriladi.
Prezident tomonidan tadbirkorlarga berilgan qator yengilliklar kuchga kiradi
Joriy yilning 18 aprel kuni qabul qilingan “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoniga asosan O‘zbekiston ichki bozorida raqobat muhiti rivojlantiriladi va ayrim tadbirkorlarga soliq ma’murchiligida yengilliklar beriladi.
2025 yil 1 maydan boshlab muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi hamda ularni shakllantirish va hisobga olish Texnik tartibga solish axborot tizimi (TRIS) orqali amalga oshiriladi.
Farmonga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati bo‘yicha vakolatli organ vazifalari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda 2025 yil 1 avgustdan oziq-ovqat mahsulotlari uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi hamda Qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari daxldor vazirlik va idoralar bilan kelishilgandan so‘ng to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi.
Sanitar, fitosanitar va veterinariya nazorati sohasidagi quyidagi tartib-taomillarga majburiy amal qilish 2025 yil yakunigacha talab qilinmaydi, jumladan:
- mahalliy va import oziq-ovqat mahsulotlari uchun sanitariya va epidemiologiya xizmatlarining laboratoriyalari natijalariga asosan sanitariya-epidemiologik xulosa olish orqali sertifikatlash;
- barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan, bolalar ovqatlari, terapevtik va profilaktik ovqatlanish uchun parhez oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qo‘shimchalari, biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchalari va yangi retseptlar yoki yangi texnologiya asosida yaratilgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun barcha texnik hujjatlarni Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishish va tasdiqlash;
- o‘simlik mahsulotlari, mato, ipak, charm, o‘yinchoqlar, sport inventari va boshqalar uchun veterinariya sertifikatini olish.
Davlat konsertlarida fonogrammadan foydalanish cheklanadi
2025 yilning 8 aprel kuni qabul qilingan “Konsert-tomosha faoliyatida jonli ijroni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga muvofiq, joriy yilning 1 mayidan e’tiboran:
- davlat byudjeti va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan barcha konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanadi;
- konsert-tomosha tadbirlari reklamalarida tegishlicha “Jonli ijro”, “Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz” yoki “Fonogrammali konsert dasturi” deb aniq ko‘rsatilishi lozim;
- Madaniyat vazirligi tomonidan ijodkorlarni “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” va “O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi” davlat mukofotlariga tavsiya etishda, birinchi navbatda, ularning jonli ijro eta olish qobiliyati inobatga olinadi.
Kam ta’minlangan oilalarga “svet” va gaz uchun kompensatsiya beriladi
Joriy yilning 2 aprel kuni qabul qilingan “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan, shuningdek, Reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:
- elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha – oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt soatgacha;
- tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.
Shuningdek, isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik yordam beriladi. 2025/2026 yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida quyidagi oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi:
- Reyestrlarga kiritilgan oilalarga;
- “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reyestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga.
Bunda “mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida birinchi navbatda, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, a’zolari I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan oilalar, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar, uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, uch va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz ta’minoti bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar inobatga olinadi.
Qo‘shimcha ravishda shakllantiriladigan ro‘yxatdagi oilalar soni Reyestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.
Mahsulotlarni “Halol” belgisi bilan tamg‘alashga ruxsat etiladi
Joriy yilning 1 fevral kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga muvofiq 1 maydan Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti standartlari talablari asosida sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni “Halol” belgisi bilan tamg‘alashga ruxsat etiladi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish sohasini tartibga solish to‘g‘risidagi quyidagi takliflariga rozilik berilgandi:
- Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organlarini tashkil etish;
- Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirishda hamda ularga nisbatan talablarni belgilashda Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) tomonidan qabul qilingan va rasmiy xalqaro miqyosda e’tirof etilgan standartlarga ustuvorlik huquqini berish;
- 2025 yil 1 maydan mazkur qaror hamda Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti standartlari talablari asosida sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni “Halol” belgisi bilan tamg‘alashga ruxsat etish.
Live
Barchasi