Rossiya TIV “don kelishuvi” bo‘yicha Moskva pozitsiyasiga aniqlik kiritdi

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, Rossiya Mudofaa vazirligi anneksiya qilingan Sevastopoldagi Qora dengiz harbiy flotiga uyushtirilgan hujum munosabati bilan Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangan kelishuvdagi faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Mudofaa idorasi ortidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda qayd etilishicha, rasmiy Moskva Qora dengiz harbiy flotiga uyushtirilgan hujum sabab oziq-ovqat bo‘yicha kelishuvidan butkul chiqmaydi, biroq bugun, 29 oktyabrdan boshlab noma’lum muddatga undagi majburiyatlarini bajarishni to‘xtatdi.

Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha “Qora dengiz tashabbusi”ni amalga oshirish doirasida yaratilgan gumanitar yo‘lak orqali Ukraina Qurolli Kuchlari bugun, 29 oktyabr kuni Rossiya Qora dengiz flotining Sevastopoldagi kemalari va infratuzilmasiga dronlardan foydalangan holda yirik havo va dengiz zarbalarini berdi.

“Ukraina Qurolli Kuchlarining britaniyalik mutaxassislar boshchiligidagi harakatlari, jumladan, ko‘rsatilgan gumanitar koridorning ishlashini ta’minlovchi Rossiya kemalariga qarshi qaratilgan harakatlari munosabati bilan Rossiya tomoni “Qora dengiz tashabbusi”da ishtirok etuvchi yuk kemalarining xavfsizligini kafolatlay olmaydi” va bugundan boshlab uni amalga oshirishni noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘ydi. Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarini tashishni nazorat qiluvchi Istanbuldagi Qo‘shma muvofiqlashtirish markazida Rossiya vakillariga tegishli ko‘rsatmalar berildi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq Rossiyaning Sevastopol ko‘rfazidagi Qora dengiz floti kemalariga dronlar yordamida hujum uyushtirildi. Rossiya tomoni barcha dronlar yo‘q qilinganini bildirdi.

Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumni Nikolayev viloyatidagi Ochakov shahrida joylashgan britaniyalik mutaxassislar tayyorlayotgan Ukrainaning 73-dengiz operatsiyalari maxsus markazi harbiylari amalga oshirgan.

Eslatib o‘tamiz, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va NATO Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangan kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.

Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hujjatni Ukraina, Rossiya, BMT va Turkiya vakillari imzoladi. Don shartnomasi Ukrainaning Odessa, Yujniy va Chernomorsk portlarini o‘z ichiga oladi.

Shartnoma muddati 19 noyabrda tugaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiya avvalroq kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.

Oktyabr oyida Qrim ko‘prigida portlash bo‘lishi ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin don kelishuvi to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytgandi. U portlovchi uskuna don yo‘lagi orqali Qrimga olib kelingani tasdiqlansa, shunday qilinishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

136

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing