Husanov tufayli “Manchester Siti”ning rejalari o‘zgardi

Sport

image

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti”ning so‘ngi o‘yinlarida o‘ng qanot himoyasida ham ishonchli harakat qila boshladi. Shu sababdan “Manchester Siti” klubi o‘ng qanot himoyachisi sotib olish rejasini vaqtincha to‘xtatgan. Klub bu pozitsiyani Husanov yopishiga ishonmoqda. Bu haqda “Sky” nashri xabar berdi.

Asosan markaziy himoyachi sifatida tanilgan Abduqodir Husanov joriy mavsumda “Manchester Siti” safida “Manchester Yunayted”, “Napoli” va “Arsenal”ga qarshi uchrashuvlarda Riko Luis o‘rnida o‘ng qanot himoyachisi sifatida maydonga tushdi.

Manbaga ko‘ra, agar u “Arsenal” bilan o‘yinda jarohat olmaganida, Pep Gvardiola uni yana bir necha o‘yinda asosiy tarkibda sinovdan o‘tkazishni rejalashtirgan edi. Hozircha bu pozitsiyada Mateus Nunes o‘ynab turibdi, Husanov esa yaqin haftalarda safga qaytishi kutilmoqda.

“Manchester Siti” yozda Kayl Uoker klubni tark etganidan so‘ng o‘ng qanot himoyachisini izlashni boshlagan, hattoki braziliyalik futbolchilarga qiziqish bildirgan edi. Biroq jamoa tarkibni to‘ldirishga shoshilmadi.

Agar Husanov jarohatdan so‘ng ham yuqori darajadagi o‘yinini davom ettira olsa, “shaharliklar” kamida kelasi yozgacha yangi o‘ng qanot himoyachisini xarid qilish rejasidan butunlay voz kechishi mumkin. Bu holat Abduqodir Husanovning nafaqat jamoa ichidagi o‘rnini mustahkamlash, balki Yevropa futbolidagi obro‘yini yanada oshishiga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abduqodir Husanov “Arsenal”ga qarshi o‘yinda jarohat olib maydonni tark etgan edi. Jamoa bosh murabbbiyi Pep Gvardiola esa Xusanov jarohati sabab 3 ta o‘yinni o‘tkazib yuborishini tasdiqlagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Pep Gvardiola “Manchester Siti” Abduqodir Husanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing