Hormuzning yopilishidan asosiy foydani AQSH ko‘rdi – “Rosneft” direktori

Olam

image

“Rosneft” kompaniyasi bosh direktori Igor Sechin Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi tufayli eng katta manfaatni AQSH energetika kompaniyalari olganini bildirdi. U bu haqda Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqida gapirdi.

Uning aytishicha, Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi global energetika tizimi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelgan va bu jarayonda Vashington jahon energetika bozorining asosiy qoidalarini o‘z manfaatlariga mos ravishda o‘zgartirishga urinmoqda. Sechinning fikricha, Hormuz bo‘g‘ozini yopish bo‘yicha qabul qilingan choralar aslida Eronga qarshi qaratilgan bo‘lsa-da, oqibatda butun dunyoga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

“Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi jahon energetika bozori qoidalarini AQSH foydasiga qayta shakllantirishga bo‘lgan urinishdir. Bog‘ozni to‘sish bo‘yicha ko‘rilgan choralar Eronga qarshi qaratilgan edi, ammo ular butun dunyoga qarshi ishladi. Strategik xavflar yetarlicha baholanmadi”, deydi Sechin.

Uning bildirishicha, bu vaziyatda asosiy foydani Amerika kompaniyalari ko‘rgan.

“Asosiy manfaatdorlar, albatta, Amerika kompaniyalari bo‘ldi. Ular raqobatdan tashqari ustunliklarga ega bo‘lishdi hamda yuqori xarajatli ta’minotlardan katta daromad olish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi”, deydi “Rosneft” rahbari. 

Sechin Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyatdan keyin boshqa muhim xalqaro dengiz yo‘llari ham xavf ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Malakka bo‘g‘ozi, Bob al-Mandab bo‘g‘ozi va Gibraltar bo‘g‘ozi ham kelajakda turli uzilishlar va cheklovlar xavfiga duch kelishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Eron fevral oyida AQSH va Isroil tomonidan mamlakatga qarshi hujumlar amalga oshirilib, oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lganidan keyin Hormuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ygan edi. Bo‘g‘oz orqali jahondagi neft ta’minotining qariyb beshdan bir qismi, shuningdek, o‘g‘itlar kabi muhim tovarlar tashiladi. Uning yopilishi xalqaro bozorlarda jiddiy beqarorlikka sabab bo‘lib, neft narxini bir necha yillik eng yuqori darajaga olib chiqdi. Shundan so‘ng AQSH ham Eron portlarini blokada qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari Eronning neft portiga yo‘l olgan neft tankerini Hellfire raketasi bilan urib, harakatsiz holatga keltirganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing