Hormuz bo‘g‘ozida bir kechada 7 ta neft tankeri shikastlandi

Olam

−

image

Hormuz bo‘g‘ozida bir kechaning o‘zida yettita neft tankeri hujumga uchradi yoki dengiz minalariga duch kelishi oqibatida shikastlandi. Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, Eron urushi boshlanganidan beri bo‘g‘ozda bir kunda shuncha kema zarar ko‘rgan birinchi holat bo‘lishi mumkin. Bu haqda Eron davlat telekanaliga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 21 oktyabrdan 22 oktyabr tongigacha to‘rtta tankerga hujum qilingan va ularda yong‘in chiqqan. Yana uchta kema dengiz minalariga duch kelib, harakatsiz qolgan.

Hozircha tankerlar qaysi davlat bayrog‘i ostida harakatlangani va hodisalar oqibatida jabrlanganlar bor-yo‘qligi haqida ma’lumot berilmagan. Shuningdek, Eron tomoni tarqatgan xabarlar mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.

“Lloyd’s List Intelligence” kemachilik ma’lumotlari va tahlil kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, tavakkal qilib Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan tanker operatorlari neft tashish uchun asosan tungi vaqtni tanlamoqda. Ular AQSH harbiylari himoyasidagi, Ummon qirg‘oqlariga yaqin yo‘nalishdan foydalanib, kemalarning joylashuvini ko‘rsatuvchi tizimlar va mobil telefonlarni o‘chirib qo‘ymoqda.

Shundan so‘ng, neft Ummon ko‘rfazida kutib turgan boshqa tankerlarga o‘tkazilib, Osiyodagi xaridorlarga yetkazilmoqda.

Ma’lumot uchun, AQSH va Isroil joriy yilning 28 fevralida Eronga qarshi qo‘shma zarbalar berganidan keyin mintaqada urush boshlangan. Hormuz bo‘g‘ozi esa jahon neft ta’minoti uchun muhim dengiz yo‘llaridan biri hisoblanadi.

Saudiya Arabistonining Aramco neft kompaniyasi rahbari Amin Nosir Hormuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tuvchi quvur orqali tashilayotgan neft hajmi uch baravardan ko‘proq oshganini ma’lum qildi. Uning “Al Arabiya Business” telekanaliga aytishicha, mamlakatning sharqidan g‘arbiga qarab o‘tuvchi quvurning kunlik o‘tkazish quvvati 2 million barreldan 7 million barrelgacha oshirilgan.

1980 yillar boshida qurilgan ushbu quvur Eron urushi sababli Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashishda yuzaga kelgan uzilishlar sharoitida Saudiya Arabistonining neft eksportini davom ettirishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Nosir, shuningdek, Yaman husiylari neft konlariga bergan zarbalar oqibatida yetkazilgan zararni baholash va yong‘inlarni o‘chirish ishlariga yordam berish uchun kompaniya dronlardan foydalanganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida snaryad hujumiga uchragan ikkita kema cho‘kib ketgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing