Hech kim bilmaydigan sir: Uzoq chaynashning foydalari aytildi

Bu qiziq

image

Ovqatni uzoq chaynash nafaqat oshqozon-ichak tizimi, balki miya faoliyati, stress darajasi va hatto xotira tizimini ham yaxshilashi mumkin. Bu haqdagi tadqiqot BBC’da e’lon qilindi.

Ovqatlanish bo‘yicha amerikalik mutaxassis Goratsiy Fletcher ovqatni deyarli suyuq holga kelguncha chaynashni tavsiya qilgan. U hatto bir marta piyozni yutishdan oldin 722 marta chaynagan.

Shvetsiyadagi Karolinskiy instituti professori Mats Trulsen chaynash jarayonini oddiy mexanik harakatdan ko‘ra murakkabroq deb hisoblaydi va uni shunday izohlaydi: “Chaynash go‘yoki nasos kabi ishlaydi va miyaga qon quyadi”.

Chaynash aslida ovqat hazm qilishning eng birinchi bosqichi hisoblanadi. Ovqat og‘izda mayda bo‘laklarga bo‘linadi va so‘lak bilan aralashadi. So‘lak tarkibidagi fermentlar ovqatni parchalash jarayonini allaqachon og‘izning o‘zidayoq boshlaydi.

“Agar odam yetarlicha chaynamasa, ichaklar ovqatni to‘liq tayyor holatda qabul qilmaydi va bu butun tizimga yuk tushiradi”, deydi Niderlandiyalik tadqiqotchi Andris van der Bilt.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ovqatni ko‘proq chaynagan odamlar tezroq to‘qlik his qiladi va kamroq ovqat yeydi. Buning sababi shundaki, to‘qlik signali miyaga darhol emas, taxminan 15-20 daqiqa ichida yetib boradi. Shuning uchun sekin chaynash organizmga ortiqcha ovqatlanib yubormaslik imkonini beradi.

Masalan, bodom ustida o‘tkazilgan tajribada ovqatni ko‘proq chaynagan ishtirokchilarda organizm kamroq yog‘ni o‘zlashtirgani aniqlangan. Tadqiqotchilarning fikricha, ovqat qancha ko‘p chaynalsa, uning sirt maydoni shuncha oshadi va hazm fermentlari uni samaraliroq parchalaydi.

So‘nggi yillarda olimlar chaynash va miya faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikka ham alohida e’tibor qaratmoqda. Ba’zi tadqiqotlar tishlarning yo‘qolishi yoki chaynash qobiliyatining pasayishi Alsgeymer kasalligi va demensiya xavfini oshirishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Yevropada o‘tkazilgan katta tadqiqotlarda chaynash qobiliyati yaxshi bo‘lgan odamlar xotira, og‘zaki ravonlik va fikrlash testlarida yuqori natija ko‘rsatgan. Mutaxassislar buni chaynash paytida miyaga qon oqimi oshishi bilan izohlashadi.

Saqich chaynash ham qisqa muddatli ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Ba’zi tadqiqotlarda u diqqatni oshirishi va stressni biroz kamaytirishi aniqlangan. Ayrim insonlarda kortizol darajasi pasaygan, bu esa organizmning stressga javobini yengillashtirgan. Biroq bu ta’sir uzoq davom etmaydi va odatda 15-20 daqiqadan keyin kamayadi.

Umuman olganda, mutaxassislar chaynashni sog‘liq uchun foydali odat deb hisoblaydi, ammo uning aniq “ideal miqdori” yo‘q. Eng muhimi – shoshilmasdan, ovqatni to‘liq his qilib chaynashdir.


Maqola muallifi

Teglar

tadqiqot oshqozon chaynash sir Ovqat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing