Har yili qariyb 1,2 mlrd bola oilada jismoniy jazoga duch keladi – JSST
Olam
−
21 avgust 2025 1587 2 daqiqa
Jismoniy jazolar (urish, shapaloq, qamchi bilan urish va hokazo) dunyoning ko‘plab davlatlarida hanuzgacha keng qo‘llaniladi va bu bolalarning sog‘lig‘i hamda rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisobotida keltirilgan.
Qayd etilishicha, har yili 1,2 milliardga yaqin 18 yoshgacha bo‘lgan bola va o‘smir oilada jismoniy jazoga duch keladi. 58 ta davlatda o‘tgan bir oy ichida jismoniy jazoga duch kelgan bolalarning 17 foizi uning eng og‘ir shakllariga – bosh, yuz yoki quloqqa zarba qabul qilish kabi zo‘ravonlikka uchragan.
Mamlakatlar kesimida ko‘rsatkichlar juda farqlanadi. Masalan, 2-14 yoshli bolalar orasida jismoniy jazoni qo‘llash holati Qozog‘istonda 30 foiz, Ukrainada 32 foiz, Serbiyada 63 foiz, Serra-Leoneda 64 foiz, Togoda esa 77 foizni tashkil etgan.
Hisobotda aytilishicha, eng katta xavf guruhiga nogiron bolalar, ota-onasining o‘zi ham bolaligida jismoniy jazoga uchraganlar, spirtli ichimlik yoki narkotik iste’mol qiluvchi, depressiyadan aziyat chekayotgan yoki ruhiy kasalliklarga ega ota-onalarning farzandlari kiradi. Shuningdek, kambag‘allik, irqchilik va kamsitish kabi ijtimoiy omillar ham xavfni oshiradi.
JSSTning qat’iy xulosasiga ko‘ra, jismoniy jazo hech qanday ijobiy natija bermaydi: u bolaning xulqini tuzatmaydi, rivojlanishiga yordam bermaydi va jamiyat uchun foyda keltirmaydi. Aksincha, bunday tajriba bolalarda agressiv xulq-atvorni kuchaytiradi, o‘qishda qiyinchiliklar tug‘diradi, katta bo‘lganda esa zo‘ravonlik, jinoyatchilik va antisotsial xatti-harakatlarga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyo bo‘yicha o‘z joniga qasd qilish holatlari qariyb 30 foizga kamaygani xabar qilingandi. Olimlarning fikricha, bunga Yevropada yoshlarning psixologik holati bilan yaxshiroq ishlash, shuningdek, OAVning bunday og‘riqli mavzuni mas’uliyatli yoritishi sabab bo‘lgan.
Live
Barchasi