“Hammasi bir kunda portlaydi”. Tramp Eronga jiddiy tahdid yo‘lladi
Olam
−
10:05 2727 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozi ochilmasa, Erondagi elektr stansiyalari va ko‘priklarni vayron qilish bilan tahdid qildi. Bu haqda u “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida post joyladi.
Tramp Eron rasmiylarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlab, darhol bo‘g‘ozni ochishga chaqirgan.
“7 aprel – Eronda elektr stansiyalari va ko‘priklar kuni bo‘ladi. Barchasi bir vaqtning o‘zida portlaydi. Bunday narsa hali hech qachon bo‘lmagan!!! Bo‘g‘ozni oching, la’nati telbalar, aks holda jahannamga ravona bo‘lasiz, faqat kuting!”, deya o‘dag‘aylagan Oq uy rahbari.
Shu bilan birga, “Fox News” nashriga bergan intervyusida Tramp Eron bilan kelishuvga erishish uchun “yaxshi imkoniyatlar” borligini aytgan.
“Menimcha, yaxshi imkoniyat bor, hozir muzokaralar olib borilmoqda. Agar ular kelishuvga erishmasa, men hammasini portlatib yuborish va neftni egallab olish variantini ko‘rib chiqyapman”, degan Tramp.
Prezidentning tahdidlariga javoban Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibof AQSH Prezidentining “o‘ylamasdan qilinayotgan harakatlari” butun mintaqani olov ichiga tashlashini aytgan.
“Sen o‘ylamasdan qilayotgan harakatlar AQSHning har bir oilasini haqiqiy jahannamga tortmoqda va butun mintaqa olov ichida qolmoqda, chunki sen Binyamin Netanyaxu ko‘rsatmalariga amal qilishda davom etyapsan”, deya ijtimoiy tarmoqlarida yozib qoldirgan Eron vakili.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha qo‘yilgan ultimatum muddati tugab borayotganini ma’lum qilgandi. U Eron rasmiylarini qo‘rqitib, agar bo‘g‘oz ochilmasa, mamlakat ustida “do‘zax” yog‘ilishini iddao qilgandi. Tehron esa bu talabni rad etib, AQSH Prezidentining o‘zini “jahannam qa’riga yuborish” bilan tahdid qilgandi.
Live
BarchasiIsroil Bayrutga zarba bermoqda
05 aprel