Hamma tonnalab shakar yeyapti – Surxondaryo viloyati hokimi (video)
Jamiyat
−
14 aprel 6820 2 daqiqa
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov odamlar tonnalab shakar yeyotganini tanqid qilib, hammani ko‘proq asal yeyishga chaqirdi. Bu haqda u joriy yilning 11 aprel kuni maktabgacha ta’lim muassasalari, shifoxonalar, sportchilar va harbiy qismlarga oziq-ovqat yetkazib beruvchi korxonalar faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda gapirgan.
“Kecha olimni olib kelib, shakarning zararini o‘rgattirdim. Hamma tonnalab shakar yeyapti. Biz hozir 1000 tonna shakarning Surxondaryodagi importini qisqartirsak, shakarning bozordagi narxi arzon bo‘ladi. Nima uchun 3000 tonna asal ishlab chiqaryapmiz? Nimaga asal yemaymiz biz?”, degan hokim.
Ulug‘bek Qosimovning ushbu gaplari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach, hokimlik matbuot kotibi Murodbek Davlatov munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, hokimning gaplari umumiy kontekstdan kesib olinib, noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.
“Maktabgacha ta’lim muassasalari, shifoxonalar, sportchilar va harbiy qismlarga oziq-ovqat yetkazib beruvchi korxonalar faoliyati muhokama qilingan yig‘ilishda viloyat hokimi tomonidan mas’ullar va ta’minotchi korxonalar rahbarlariga shakar o‘rniga tabiiy asal va mevalardan olingan mahsulotlardan kengroq foydalanish bo‘yicha berilgan tavsiyalar noto‘g‘ri talqin qilingan holda tarqatilmoqda”, deydi Murodbek Davlatov.
Biroq tarmoqlarda asal shakardan qimmatligi, xususan, 1 kg asal puliga 8-10 kg shakar berishi bildirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot kotibi esa ayrim kanal va sahifa adminlaridan ma’lumotlarni umumiy mazmundan uzib olib, noto‘g‘ri talqin qilgan holda tarqatmaslikni so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov gazning “tagi yo‘qligi” uchun tezak yoqish kerakligini aytgan edi.
Live
Barchasi