HAMAS Isroilga garovga olingan 4 kishining jasadini topshirdi

Olam

image

Avvalroq, Isroil va HAMAS harakati Isroil tomoniga garovga olingan yana to‘rt kishining jasadini topshirish va shu vaqtning o‘zida 602 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishga kelishib olgandi. Shu kelishuv doirasida HAMAS garovga olingan to‘rt nafar isroillikning jasadlarini Qizil Xochga topshirdi. Bu haqda bugun, 27 fevral kuni “Associated Press” agentligi Isroil xavfsizlik xizmatlariga tayanib, xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tobutlar “Kerem-Shalom” nazorat-o‘tkazish punkti orqali Isroil mudofaa armiyasiga (SAXAL) topshiriladi. Isroil ularni chegaraga yaqin hududda aniqlash jarayonidan o‘tkazib, kelishuvda qayd etilgan garovga olingan shaxslarning aynan o‘zi ekaniga ishonch hosil qilmoqchi.

“The Times of Israel” nashriga ko‘ra, Isroil tomoniga 69 yoshli Nir-Oz kibutsida yashagan Isik Elgarat, 49 yoshli Saxi Idan, 85 yoshli Shlomo Mansur va yana bir sobiq garovga olinganning jasadlari topshirilishi kerak. Nashrning yozishicha, Mansur HAMAS tomonidan garovga olingan isroilliklarning eng yoshi kattasi bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, u 2023 yil 7 oktyabr kuni hujum paytida o‘ldirilgan va jasadi G‘azo sektoriga olib ketilgan.

AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil qamoqxonalaridan ozod qilinishi kelishuvning bir qismi bo‘lgan falastinlik mahbuslarni olib ketayotgan avtobus Ramalloh shahriga yetib borgan. U yerda ularni ko‘plab falastinliklar kutib olgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 fevral kuni HAMAS 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga hujum chog‘ida garovga olingan 4 kishining jasadini Isroilga qaytargandi. Oradan biroz vaqt o‘tib, Isroil armiyasi HAMAS tomonidan topshirilgan jasadlardan biri garovga olingan Shiri Bibas emas, balki noma’lum shaxsga tegishli ekanini ma’lum qilgandi. Isroil qabul qilingan jasadlarni Milliy sud-tibbiyot markaziga yuborgan. Tekshiruvlarda jasadlardan biri noma’lum va Shiri Bibasga tegishli emasligi aniqlangan. Bolalarning DNK namunalari qaytarilgan ayolniki bilan mos kelmagan.  21 fevral kuni HAMAS harakati yanglishilgan jasadni Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil garov HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing