Haqiqat baribir sinmadi – Allamjonov
3-sahifa
−
12 fevral
25665Bugun, 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan suiqasdga oid jinoyat ishi doirasida 10 nafar shaxs qamalganiga Allamjonovning o‘zi munosabat bildirdi. Bu haqda u Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
U o‘z postida o‘tgan 5 oy ichida ko‘rgan kechirganlarini eslab, haqiqat baribir sinmasligini yozgan.
“Katta oyim rahmatlik har doim duo qilganlarida, o‘t balosidan, suv balosidan, quruq tuhmatdan Allohning o‘zi asrasin derdilar. O‘tgan 5 oy ichida o‘zimdan o‘tgani faqat o‘zimga, oilamga, eng yaqinlarimga ayon. Haqiqat egilganda egilib, bukilgandayam ikki bukilib baribir sinmadi, u baribir yuzaga chiqdi. Yuzaga chiqadi ham.
Allohga ming shukur. Bandasidan qochganlar Yaratgandan qocholmaydi. Hali oldinda qiladigan ishlar, yana ko‘p sinovli kunlar bor. Ilohim bularning hammasidan yorug‘ yuz bilan o‘tish nasib qilsin! Alloh hammamizning omadimizni bersin”, deya yozgan u.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga oid jinoyat ishi doirasida 10 nafar shaxs – Shuhrat Rasulov 23 yil, Javlon Yunusov 18 yil 6 oy, Shohrux Ahmedov 23 yil, Ismoil Jahongirov 23 yil va Doniyor Toshxo‘jayev 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Qolgan 5 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.