O‘zbekiston Karimovsiz Suriyaga aylanarmidi yoxud korrupsiyadan va poraxo‘r hokimlardan qutulolmayotgan O‘zbekiston – Hafta tahlili

Tahlil

O‘zbekistonda talabalar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning asosiy qismi qaysi oliy ta’lim muassasalariga to‘g‘ri kelayotganini bilasizmi? Bilmasangiz, bilib qo‘ying! Kuchli beshlikdan Toshkent davlat transport universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rin olgan. Holbuki, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Teshaboyev yaqindagina II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangandi? Xo‘sh, siz yana qaysi oliy ta’lim muassasalarida korrupsiya va jinoyatchilik urchigan, deb o‘ylaysiz? Bu haqda izohlarda faol bo‘ling, layk bosing, ko‘rsatuvni do‘stlaringizga ham yuboring. Mavzuni esa dastur davomida muhokama qilamiz. Kameralar qarshisida esa Hafta voqealari tahlilining navbatdagi soni bilan Qamariddin Shayxov. Assalomu alaykum. 

Lola Tillyayeva otasini esladi

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafot etganiga bu yil to‘qqiz yil to‘ldi. An’anaga ko‘ra, 2 sentyabr kuni Parlament deputatlari, Prezident Administratsiyasi vakillari, Hukumat a’zolari, Toshkent shahar jamoatchiligi Islom Karimov faoliyat yuritgan Oqsaroy qarorgohi, hozirgi Islom Karimov ilmiy-ma’rifiy majmuasiga to‘planib, marhumning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Bu yil ushbu tadbir birinchi marta Prezident Shavkat Mirziyoyevsiz o‘tdi. Davlat rahbari Xitoyda bo‘lgani bois, ushbu marosimda ishtirok etmadi. Shuningdek, Hukumat raisi Abdulla Aripov va Senat raisi Tanzila Norboyeva ham xotira marosimida ko‘rinish bermadi. Karimov oilasi nomidan esa odatga ko‘ra Islom Karimovning bevasi Tatyana Karimova ishtirok etdi. 

Ma’lumki, Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova qamoqda saqlanmoqda. Kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva esa otasi vafotidan so‘ng O‘zbekistonni tark etib, AQSHda qo‘nim topgan. Shohona hayot tarziga ega bo‘lgan Lola Karimova otasi vafot etgan kun munosabati bilan uni yana bir bor xotirlab, Karimovning dono siyosati sabab O‘zbekistonning boshiga Suriya ko‘rgan kulfatlar tushmaganini aytib chiqdi. 

“Bugun dunyoga nazar tashlar ekanman, uning ko‘plab qarorlarida naqadar haq bo‘lganini yanada yaxshiroq tushunyapman. Menga ko‘pchilik qo‘shilsa kerak. Shu bilan birga, ayrim paytlar uning siyosati va o‘tmishini kamsitishga urinishlar paydo bo‘layotganini ham ko‘rmoqdaman. Lekin men qat’iy ishonch bilan aytaman: Birinchi Prezidentimiz O‘zbekistonni ichki urushlardan, to‘qnashuvlardan asrab qolgan. Yaqin Sharqdagi ayrim mamlakatlar, jumladan, Suriya yoki boshqa qo‘shnilarimiz boshidan kechirgan fojialar O‘zbekistonni chetlab o‘tgan bo‘lsa, bu aynan uning dono siyosati va qat’iyatli rahbarligi bois bo‘lgan. Buning uchun unga minnatdorlik bildirishga haqlimiz. Bu faqat mening fikrim emas, deb o‘ylayman”, dedi Lola Karimova-Tillyayeva.

Uning aytishicha, Islom Karimov nomini yomon ko‘rsatishga urinayotgan buyurtma suhbatlar, yolg‘on intervyular, yoki turli “trollar” faoliyati juda kulgili va arzimagan ko‘rinadi. Karimovaga ko‘ra, marhum Prezidentni turli nuqtayi nazardan baholash mumkin, ammo, eng asosiysi, uning qilgan ishlari – O‘zbekistonni bugungi yo‘lga olib chiqqan. 

Lola Karimova o‘z chiqishlarida oilasi, shaxsiy hayoti, qizi va u haqida internetda tarqaladigan boshqa axborotlarga izoh bermaydi. U faqat otasini xotirlaydi xolos. Masalan, shu yil yilning aprelida xalqaro matbuot Shveysariya bankida Lola Tillyayevaga aloqador shubhali pullar aniqlangani haqida yozdi. 2024 yilda esa Karimovaning AQSHning Beverli-Xillz shahridagi taxminan 4450 kvadrat metrlik “Le Palais” saroyi 36 million dollarga sotib yuborilgani va u bu saroyni qaysi puliga olgani shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Ammo Karimovalar bunday savollarni chetlab o‘tadi. 

Hokim pora bilan qo‘lga tushdi

Korrupsiyaga qarshi kurashamiz deganimiz sari korrupsiya ham, uning manbalari ham ortib boryapti. Ayni vaziyatda esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mum tishlagan, davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiya qilishni nazarda tutuvchi qonundan esa mana bir necha yildirki darak yo‘q, yozib qo‘yilgan qonunni qabul qilishga iroda yetishmayapti, qonun loyihasi qay ahvolda, qaysi idoraning qaysi tokchasida chang bosib yotgani ham ma’lum emas. 

Poraxo‘rlar safi esa kengaygandan kengaymoqda, aniqlanganlari jamoatchilikka ma’lum, ammo yeng ostida qolayotganlari-chi? 
Tugayotgan haftada Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev 60 ming dollar pora olayotganda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. 

Ma’lum qilinishicha, Namangan shahar hokimi va poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydoniga ko‘p qavatli uy qurish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming AQSH dollari talab qilgan.

MCHJ rahbari pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shahar hokimi esa ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Anvar Otaxo‘jayev deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi “a” bandi bilan, MCHJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (Pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov doirasida hokimning boshqa noqonuniy harakatlariga nisbatan ham huquqiy baho beriladi.

Shuningdek, shu hafta Toshkent viloyati Zangiota tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi mahalliy fuqaroga tegishli uyning yonida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 8 sotix yer maydonini tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun tuman hokimligi tomonidan tuziladigan ishchi guruh orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qilgan va kelishilgan puldan 20 mingini olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Toshkent viloyati Angren shahar Ichki ishlar boshqarmasi Tergov bo‘limi katta tergovchisi esa tergovga qadar tekshiruv ishi doirasida fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik va tegishli tartibda chora ko‘rmaslik evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan. Tergovchi so‘ralgan puldan yarmini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Tergovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Birniki mingga, mingniki tumanga, deganlaridek, bular respublikada shu hafta aniqlangan poraxo‘rliklarning qatrasi, xolos. Masalan, shu hafta Farg‘ona viloyatida tadbirkorga shifoxona hududidan dorixona qurish uchun yer maydonini ajratib berishi evaziga 50 000 AQSH dollarini qo‘lga kiritgan kishi, Surxondaryoda davlat soliq inspeksiyasining soliq inspektori pora bilan qo‘lga tushdi. Qashqadaryo va Samarqand viloyatida Davlat xavfsizlik xizmatiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilganlar ushlandi. 

Ko‘rib turganingizdek, bu kabi misollar tugamayapti, tugamasa ham kerak. Qachonki, korrupsiya va korrupsionerlarga nisbatan jazo qat’iy bo‘ladi, shundagina natijaga erishiladi.

Korrupsiya avj olayotgan, hatto, hokimlar pora bilan qo‘lga tushayotgan shu kunlarda Senatda ham bunday masalalar muhokama markazida bo‘ldi. Lekin Senatdagi gaplar haqiqiy hayotdan ancha uzilgandek. Senatorlar hamon asosiy korrupsiya – sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimida degan gapni mahkam ushlab olgan. O‘sha sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimiga yetib bormay, respublika, shahar, tuman moliya tashkilotlarining o‘zida yo‘q bo‘lib ketayotgan pullarni Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi ham, senatorlar ham maktab va poliklinikadan qidirishga o‘rganib qolgan. Bo‘yinga zo‘r berib, yuqoriroqqa qaralsa, ijroni o‘rganishni muvozanatga solinsa, Namangan shahar hokimi yagona natija bo‘lmasligini o‘ylab ko‘rilyaptimikin?!

Oliy Majlis Senatining shu hafta o‘tgan o‘ninchi yalpi majlisida senator Oral Ataniyazovaning aytishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi xalqning sog‘lig‘ini saqlaydigan emas, xalqqa pulli xizmat ko‘rsatadigan vazirlikka aylanib qolgan.  Albatta, senator Oral Ataniyazovaning aytganlarida ham jon yo‘q emas. 41 yillik tibbiyot xodimi bo‘lgan senator onalar va bolalar o‘limidan va bunga joylardagi ayrim shifokorlarning beparvoligi va sovuqqonligidan yozg‘irdi. 

Senat raisi Tanzila Norboyeva ham onalar o‘limi, tibbiyot muassasalaridagi maishiy korrupsiya borasida Oral Ataniyazova bilan bir xil fikrda. Ammo Sog‘liqni saqlash vazirining aynan onalar va bolalar salomatligi bo‘yicha mas’ul o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning ham faktlarga asoslangan javobi yo‘q emas. 

Senatda aytilishicha, 2024 yilda Andijon, Namangan Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida korrupsiyaga oid jinoyatlar soni ortdi. Andijon, Toshkent, Namangan, Sirdaryo viloyatlarida korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga eng ko‘p zarar yetkazilgan.

Poraxo‘rligi uchun sudlangan shaxslarning aksariyati Maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash vazirligi, tijorat banklari hamda bandlik tizimi xodimlariga to‘g‘ri keladi. Biroq gapning indallosini aytganda, agar korrupsiya oddiy hamshira, shifokor, o‘qituvchi, yo ana boring  maktab direktori bilan aniqlanib, yuqori mansabda o‘tirganlarning qilmishlari boya qayd etganimizdek, yeng ichida qolib ketayotgan bo‘lsa, bu korrupsiyani tagi bilan yo‘qotish uchun urinish emas, shunchaki berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, yuzaki natija ko‘rsatishga qaratilgan urinishdan boshqa hech narsa emas. Maylida, baliqlar ovlangani bilan nahanglar taralla bedod qilib yursa, bunday “adolat”dan kimga ne naf?

“Ruslarning qulisan”. O‘zbekiston Rossiyaga nota yubordi

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan hafta Moskva viloyatining Ximki shahrida joylashgan “Solnechnaya sistema” nomli turarjoy majmuasi oldida mahalliy fuqaro o‘zbekistonlik migrantni haqorat qilib, tahqirlab, unga pichoq o‘qtalib: “Ruslarning qulisan”, degan edi. Haqoratlangan fuqaro haqiqatdan ham o‘zbekistonlik ekani aniqlandi va ko‘plab e’tirozlar ortidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi.

Toshkent Moskvaga nota yuborgan kuni ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya poytaxti Moskvada bir erkak O‘zbekiston elchixonasi yonida kaltaklangani va buni O‘zbekiston diplomatik missiyasi xodimlari sodir qilgani aytilgan video tarqaldi. 

“Readovka” nomli Telegram-kanal e’lon qilgan xabarda mahalliy erkak itini sayr qildirishdan qaytayotib, O‘zbekiston elchixonasi yonidan o‘tayotganda noto‘g‘ri joyga qo‘yilgan mashinani ko‘rib qolgani aytiladi.

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirib, tarqalgan xabarlarni rad etdi.

Bildirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan xabarlarda ko‘rsatilgan avtotransport vositasi va huquqbuzarlarning O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga hech qanday aloqasi yo‘q. Ushbu avtomobilning diplomatik raqami boshqa mamlakatning diplomatik vakolatxonasiga tegishli.

Elchixona sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni yuklatilishiga qaratilgan har qanday urinishlarni asossiz va nomaqbul deb hisoblashini bildirib, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalaridan tekshirilmagan axborotlarni tarqatmaslikni so‘ragan. 

Namanganda mayor fuqaroni o‘lasi qilib kaltakladi

Namanganda shahar hokimi pora bilan qo‘lga olingan ushbu haftada shahar profilaktika inspektori tomonidan fuqaro qiynoqqa solingani aniqlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan birlamchi axborotda 3 nafar ichki ishlar xodimi fuqaroga dubinka va elektroshoker ishlatib, qiynagani ma’lum qilingan. Jabrlanuvchi qiynoqlardan so‘ng shifoxonaga yotqizilgan, qovurg‘alari singan va bitta qora talog‘i yaroqsiz bo‘lib qolgan.

Qayd etilishicha, ushbu xabar Namangan viloyati IIBning mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilganda haqiqatdan ham joriy yilning 14 avgust kuni Namangan shahrida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro O‘.A. o‘zaro oilaviy nizo sababli Ichki ishlar bo‘limiga olib borilgani aniqlangan. 

U bilan profilaktik suhbat olib borilib, shu kuni uyiga ruxsat berilgan. Oradan ikki kun o‘tib, 16 avgust fuqaro O‘.A. sog‘ligi yomonlashgani sababli tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan.

Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili holatni o‘rganib, jabrlangan fuqaro bilan suhbatlashgan. Ishga oid to‘plangan ma’lumotlar asosida viloyat IIB hamda Namangan shahar prokuraturasiga nazorat xati kiritilgan.

Ombudsmanga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Chust tumani IIB jamoat xavfsizligi xizmati profilaktika inspektori mayor D.B. xizmat vazifasiga e’tiborsiz va bepisandlik bilan yondashib, o‘z xizmat hududiga hech bir sababsiz bormasdan, Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy va xizmat intizomi kodeksi talablarini qo‘pol ravishda buzgani uchun lavozimidan bo‘shatilgan. Shu bilan birga, mazkur holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu Ichki ishlar organlarida joriy yilda kuzatilayotgan qiynoq bilan bog‘liq yagona holat emas, oxirgisi bo‘lmasligi borasida ham ehtimollar katta. Nega deysizmi? Chunki 2018 yildan buyon mamlakat bosh minbaridan tergov izolyatorlari va jazoni ijro etish muassasalaridagi qiynoq va g‘ayriinsoniy xatti-harakatlar haqida bot-bot gapirilsa ham, hatto, alohida tergov organi tuzish masalasi ko‘tarilsa ham, natija bo‘y ko‘rsatayotgani yo‘q.

Surxondaryoda erkak xotini va farzandini molxonada saqladi

Zo‘ravonlik, agressiya, tazyiq, qiynoq, insonning eng fundamental huquqi – yashash erkinligiga tahdid ayrim o‘zbekistonliklarning qon-qoniga singib ketgandek. Oilalardagi zo‘ravonlik –huquqni himoya qiluvchilarga ko‘chsa, ulardan o‘rnak olib, uyda zo‘ravonlik, qiynoq qo‘llanilsa. Jinoyat va huquq o‘rtasidagi chegara yo‘qolgandek. Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida erkak ayoli va yangi tug‘ilgan farzandini 5 oy majburan molxonada saqladi. Ayolning ahvoli abgor.

26 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi mahallalarning birida noma’lum ayol kishi antisanitariya holatida xonadon egalari tomonidan molxonada majburiy ushlab turilgani haqida IIBga xabar tushgan. Shunga asosan, mahalla profilaktika inspektori zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, xonadon egalarining qarshiligiga qaramasdan molxona eshigini buzgan. Natijada 1981 yilda tug‘ilgan xonadon egasi Sh.A. molxonada 1997 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i X.G. va uning 5 oylik farzandini og‘ir sharoitda majburlab saqlab kelayotgani aniqlangan. Jabrlanuvchilar zudlik bilan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.

Holat o‘rganilganda xonadon egasi fuqaro shu uyda yashovchi onasi va yaqin qarindoshlari bilan oldindan til biriktirib, rafiqasining ruhiy holatida o‘zgarishlar mavjudligi, ya’ni tilida nuqsoni borligi, fikrlarini to‘liq bayon qilishga qiynalishidan foydalanib, bir necha oy davomida unga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik ishlatib, majburlab, xonadon ichidagi molxonada yashirin ravishda saqlab kelgani aniqlangan.

Hozirda jabrlanuvchi ayol Uzun tumani tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limiga, farzandi esa Tug‘uruq bo‘limiga davolanish uchun joylashtirilib, ularning sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyat viloyat ijtimoiy himoya boshqarmasi ma’sullari tomonidan alohida nazoratga olingan.  

Uzun tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 7-qismi “a”, “ye” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi erkak protsessual tartibda qamoqqa olingan. Shuningdek, ishga aloqador bo‘lgan xonadonda yashovchi boshqa fuqarolar ham tergovga jalb qilinib, bir nafariga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. 

Donald Tramp O‘zbekistonga keladimi?

O‘tgan haftaning oxiri, shu haftaning boshida o‘zbekistonliklarning tiliga AQSH Prezidenti Donald Trampning vafot etgani haqidagi mish-mishlar tushgandi. Joriy haftada esa Tramp va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Suhbat Mirziyoyev Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti va Ikkinchi jahon urushi yakunlanganining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan paraddan qaytanidan keyin amalga oshirildi. 

O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, suhbatda ikki mamlakat strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari batafsil ko‘rib chiqilgan. Muloqot avvalida AQSH Prezidenti so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va aholi farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni yuksak baholagan va qo‘llab-quvvatlagan.

Mirziyoyeva esa Trampni AQSH ma’muriyati olib borayotgan ichki va tashqi siyosatning ulkan natijalari bilan tabriklagan. Amerika tomonining xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi va sa’y-harakatlarini alohida qayd etgan.

Davlat rahbarlari muloqotidan iqtisodiy investitsiyalar, o‘zaro tovar ayirboshlash, istiqbolli kooperatsiya loyihalari, xavfsizlik, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish masalalari o‘rin olgan. 

Prezidentlar Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning “C5+1” shaklidagi mintaqaviy hamkorligini chuqurlashtirish masalasiga to‘xtaldi.
O‘zbekiston rahbari Trampni o‘ziga qulay vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etgan. 

O‘zbek-qirg‘iz chegarasida o‘q uzildi

15 avgust kuni Qirg‘iziston – O‘zbekiston chegarasida o‘zbekistonlik harbiylarning o‘q uzishi oqibatida 2 qirg‘izistonlik halok bo‘ldi. 
Hodisa sodir bo‘lgan kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Ugam-Chotqol qo‘riqxonasi yaqinidagi chegara mintaqasida 2 nafar noma’lum shaxsning harakatlanayotgani kuzatilgan. Chegara naryadi o‘z vakolati doirasida ularga to‘xtashni buyurgan, lekin ular qochishga uringan. Shu bois, ularni to‘xtatish uchun osmonga qarata bir necha bor ogohlantiruvchi o‘q uzilgan. Ammo noma’lum shaxslar chegara naryadining talablariga bo‘ysunmay, Davlat chegarasi tomon harakatni davom ettirgan. Shundan keyin, so‘nggi chora sifatida ularga nisbatan qurol qo‘llanilgan.

Oqibatda, ular yaralanib, harbiy xizmatchilar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay, voqea joyida vafot etgan. Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganida, 1 dona chodir, 3 ta ot, oziq-ovqat mahsulotlari hamda yashirinishga ulgurgan uchinchi shaxsning izlari ham topilgan.

Holat yuzasidan shu kunning o‘zida Qirg‘iziston va Qozog‘iston chegara idoralari xabardor qilingan.

Chegara qo‘shinlari matbuot xizmatining yozishicha, 31 avgust kuni vafot etganlar Qirg‘iziston fuqarolari ekani aniqlanib, ularning jasadi qarindoshlariga topshirilgan. O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara idoralari rahbarlarining o‘zaro kelishuviga asosan, 2-3 sentyabr kunlari hodisa joyi hamkorlikda ko‘zdan kechirilgan.

O‘rganishlar natijasida chegara naryadining xatti-harakatlari O‘zbekiston qonunchiligiga asosan amalga oshirilgani, yuqorida ko‘rsatilgan Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan Davlat chegarasi buzilgani, shuningdek, uchinchi shaxsning Qirg‘iziston tomonga qaytib, yashirinishga ulgurgani komissiya tomonidan o‘z tasdig‘ini topgan. Uning shaxsini aniqlash va tegishli chora ko‘rish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

AI-80 savdosi to‘xtatildi 

O‘zbekistonda havoni eng ko‘p ifloslantirib kelayotgani aytilayotgan, ammo voz kechilish juda uzoq vaqtni olgan AI-80 markali benzin savdosi nihoyat to‘xtatildi. “O‘zbekneftgaz” AJ 2 sentyabrdan boshlab AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotishga nuqta qo‘ydi. 

Buning ortidan AI-92 rusumidagi avtobenzinni birja savdolariga chiqarish hajmi oshirilgan. Shu vaqtga qadar 1000 tonna AI-92 benzini savdolarga qo‘yilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 1720 tonnani tashkil etmoqda. Ichki bozor talabidan kelib chiqib, bu hajmlarni oshirilishi mumkin. 

Ammo, avgust oyida tadbirkor-iste’molchilar tomonidan xarid qilingan AI-80 rusumidagi avtobenzin hajmlari majburiyat va mavjud qoldiqlar doirasida sentyabr oyida ham egalariga yetkazib beriladi. 

Talabalar orasida jinoyatlar ko‘paydi 

O‘zbekistonda 2025 yilning 6 oyi davomida 102 ta oliy ta’lim muassasasining 307 nafar talabasi jinoyat sodir etgan. Bu fakt kuni kecha Oliy Majlis Senati minbarida yangradi.

Unda aytilishicha, jinoyatlarning asosiy qismini yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik, firibgarlik kabi jinoyatlari tashkil etgan. Hududlar kesimida jinoyatlarning aksariyati Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Oliy ta’lim muassasalari kesimida esa jinoyatlarning ko‘pchilik qismi Toshkent davlat transport universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ma’lum qilinishicha, ayrim oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini muntazam nazorat qilish, talabalarning dars mashg‘ulotlariga qatnashishini yetarli darajada monitoring qilinmagani oqibatida jinoyatlar dars vaqtida, ya’ni soat 08:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davr mobaynida sodir etilgan. Talabalarning yotoqxonalarga kirib-chiqishi, yashashi hamda tungi vaqtda bo‘lishi ustidan nazorat ham yetarli darajada emas.

Bundan tashqari, sohada faoliyat yuritayotgan shaxslarga nisbatan korrupsiya holatlari bo‘yicha qator jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. 

Muhokama yakunida talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovga Senatning tegishli parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Surxondaryo talaba Shavkat Mirziyoev jinoyat O'zbekiston Islom Karimov benzin Lola Karimova-Tillyaeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing