Estoniya Rossiya bilan chegarani mustahkamlamoqda
Olam
−
17:20 754 2 daqiqa
Estoniya hukumati Rossiya bilan chegaraning ayrim hududlarida dronlarni aniqlash va kuzatishga mo‘ljallangan qurilmalarni o‘rnatishni boshladi. Bu haqda Estoniya milliy teleradiokompaniyasi ma’lum qildi.
Hozircha tizimlar Luhamaa chegara-o‘tkazish punkti va Estoniya, Latviya hamda Rossiya chegaralari tutashgan hudud oralig‘idagi uchta quruqlik uchastkasida ishga tushirilgan.
Dronlarga qarshi infratuzilma Saatse hududi yaqinida hamda Piuza daryosi bo‘ylab barpo etilmoqda. Statsionar uskunalar hali o‘rnatilmagan joylarda esa Estoniya politsiyasi va chegara qo‘riqlash xizmati mobil dron kuzatuv tizimlaridan foydalanmoqda.
Estoniya Ichki ishlar vaziri Igor Taroning aytishicha, so‘nggi paytlardagi dronlar bilan bog‘liq hodisalar xavf-xatarlar to‘g‘ri baholanganini ko‘rsatmoqda.
“So‘nggi dron hodisalari xavflarni juda real baholaganimizni ko‘rsatdi. Sharqiy chegaramiz yaxshi qo‘riqlanmoqda, dronlarga qarshi kurash imkoniyatlarining kengayishi butun Yevropa xavfsizligini mustahkamlaydi”, degan u.
So‘nggi yillarda Boltiqbo‘yi davlatlari, jumladan Estoniya, o‘z havo hududiga dronlar kirib kelayotgani haqida muntazam xabar berib kelmoqda. May oyi o‘rtalarida Estoniya Rossiya bilan chegara yaqinidagi havo hududining bir qismini uchishlar uchun vaqtincha yopgan edi. Bunga uchuvchisiz uchish apparatlari faolligi sabab qilib ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 29 mayga o‘tar kechasi Ruminiyaning Galats shahrida uchuvchisiz uchish apparati (dron) ko‘p qavatli turarjoy binosi ustiga qulagandi. Hodisa oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Bu dron Rossiyaga tegishli ekanini tahmin qilmoqda.
Live
Barchasi