Toshkent viloyatidagi kanalda oqib ketgan bolaning jasadi topildi
3-sahifa
−
08 iyun 2023 11311 1 daqiqa
Toshkent viloyati Toshkent tumanining “Uchsada” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Zaxariq” kanalida cho‘kib ketgan 6 yoshli bolaning jasadi topildi. Bu haqda QALAMPIR.UZʼga marhumning yaqinlari ma’lum qildi.
Ularning aytishicha, bolaning jasadi bugun, 8 iyun kuni soat taxminan 02:00 larda yashash uyidan 500 metr uzoqda topilgan. Bola kanal qirg‘og‘idagi daraxtga qisilib qolgan bo‘lgan.
Oqib ketgan bolani qidirish ishlari qariyb 5 kundan beri davom etib kelayotgan edi. Uning ota-onasi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari birgalikda ish olib borganiga qaramasdan, kanal suvining sathi balandligi sababli bolaning jasadi topilmagan. Shu boisdan ota-ona bolasining jasadini topishda amaliy yordam so‘rab, bir necha bor Respublika Suv xo‘jaligi vaziridan “Zaxariq” kanali suvini bir kun muddatga to‘liq to‘xtatib turishga ruxsat so‘ragan edi. Takror-takror murojaatlardan so‘ng vazirlik kanal suvi oqimini nisbatan pasaytirib turishga ruxsat bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 iyun kuni Toshkent viloyati Toshkent tumanining “Uchsada” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Zaxariq” kanalida 6 yoshli bola cho‘kib ketgan edi. Uni topish uchun Suv xo‘jaligi vazirligidan kanal suvini to‘xtatish so‘ralgan edi.